“Katta Namangan” rekonstruksiya qilinmoqda
FOTOREPORTAJ
“Katta Namangan” kanalining Chortoq tumanidan o‘tgan qismi bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinmoqda.
1974 yilda barpo etilgan, uzunligi 176 kilometrdan iborat “Katta Namangan” kanali Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi va aholisini suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega strategik inshoot hisoblanadi. Uning 19 kilometri Chortoq tumani hududidan o‘tadi.
1984 yilda so‘nggi marta ta’mirlangan kanal yillar davomida eskirib, suv o‘tkazuvchanlik qobiliyati sezilarli darajada pasaygan, natijada suvdan foydalanish koeffitsiyenti 60 foizgacha tushib ketgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida ushbu ob’ekt manzilli dasturga kiritilib, kanal o‘zanini betonlash ishlari olib borilmoqda.
[gallery-27382]
Loyiha to‘liq yakunlangach, suvdan foydalanish samaradorligi 90 foizgacha oshishi kutilmoqda. Shuningdek, kanal bo‘ylab zamonaviy piyodalar yo‘lakchalari barpo etish, yoritish chiroqlari o‘rnatish hamda aholi uchun xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
“Katta Namangan” kanalini rekonstruksiya qilish orqali minglab gektar yerlar suv bilan barqaror ta’minlanadi, dehqon va fermerlar uchun qulay sharoit yaratiladi.
Hotam MAMADALIEV olgan (surat), O‘zA