“Katta futbol jangi” iqlim o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatadimi?
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlanish ostonasida iqlim o‘zgarishi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar 2026-yilgi mundial iqlim inqirozini yumshatish o‘rniga yanada kuchaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Amerika qit’asining uchta mamlakatidagi 16 ta shaharda tashkil etiladigan bu galgi dunyo birinchiligida jamoalar, o‘yinlar va sayohatlar sonining ko‘pligi tufayli mutaxassislar oldingi chempionatlarga nisbatan bu safar chiqindilarni ikki baravar ortishini misollar holatida keltirib o‘tgan.
“New Weather” instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Jahon chempionati kamida to‘qqiz million tonna CO₂ (Karbonat angidrid-rangsiz, hidsiz va ta’msiz gaz) ekvivalentini ishlab chiqaradi, bu 2010 va 2022-yillar oralig‘ida o‘tkazilgan turnirlarning o‘rtacha ko‘rsatkichidan deyarli ikki baravar ko‘pligini, ya’ni taxminan 4,7 million tonnadan iboratligidan dalolat deyilmoqda. Kengroq ssenariylarda bu ko‘rsatkich 15 million tonnagacha ko‘tarilishi turnirni sport tarixidagi eng ifloslantiruvchi tadbirlardan biriga aylantirishi ehtimoldan yiroq emasligi, ta’kidlanmoqda.

Tadqiqotda keltirilishicha, Jahon chempionatida birinchi marta 48 ta jamoa qatnashayotgani, ular o‘rtasida 104 ta o‘yin bo‘lib o‘tishi, sayyohlar oqimining ortishi shaharlar infratuzilmasiga qo‘shimcha yuk hisoblanadi. Ayni holat havo qatnovidan kelib chiqadigan chiqindilarni sezilarli darajada oshishiga olib keladiki. Bu, Shimoliy Amerika qit’asidagi minglab kilometrlar bilan ajratilgan 16 ta shaharga boradigan yo‘llar faqat havo qatnovidan iboratligi, tezyurar temir yo‘l tarmoqlari mavjud emasligi havo qatnovi 7,7 million tonnadan ortiq CO₂ ishlab chiqarishga olib kelishini anglatmoqda.
Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) o‘z navbatida, bu yilgi Jahon chempionati atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish va mezbon shaharlar uchun "ijobiy muhit" yaratishga qaratilgan barqarorlik strategiyasi bilan birga o‘tkazilishini ta’kidlamoqda. FIFA stadionlar va vaqtinchalik infratuzilmada barqaror qurilish standartlarini joriy etishga, jamoat transportidan foydalanishni rag‘batlantirishga va turnir bilan bog‘liq chiqindilar, energiya sarfi va chiqindilarni kamaytirishga intilishga va’da bermoqda.

Bundan tashqari, FIFA mezbon shaharlar uzoq muddatli iqlim harakatlarini amalga oshirishda asosiy ishtirokchilar bo‘lishini va musobaqadan keyin yanada barqaror amaliyotlarni targ‘ib qilishini ta’kidlamoqda.
Biroq “Scientists for Global Responsibility”, “Environmental Defense Fund”, “The Sport for Climate Action Network” va boshqa tashkilotlar tayyorlagan hisobot va tadqiqotlar bu choralar turnirning tarkibiy ta’sirini qoplashi ehtimoldan yiroqligi haqida ogohlantirmoqda.
Tadqiqotchilar o‘z mulohazalarini taqdim etish asnosida FIFAning iqlim strategiyasini shubha ostiga qo‘yib, tashkilotni ekologik inqirozni hal qilishda "yumuq ko‘z"ga ega bo‘lganlikda ayblamoqda. Barqarorlik bo‘yicha FIFA tomonidan e’lon qilingan majburiyatlar va turnirni kengaytirish yoki geografik jihatdan tarqoq joylarni tanlash kabi haqiqiy yechimlar o‘rtasidagi ijobiy tafovutlar umumbashariy muammolarni hal etib bermasligi taassufli hol ekanligini keltirmoqda.
Nima bo‘lganda ham ertaga, 11-iyundan jahon chempionatining katta karvoni yo‘lga chiqadi. Uning iqlimga, shaharlarning tozaligiga qay darajada xavf tug‘dirishi yoki umumjahon ijtimoiy-siyosiy hayotiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishini vaqt hukmiga havola etgan holda “katta futbol jangi”da Vatanimiz sharafini himoya qilishga chog‘lanayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga omad tilab qolamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA