Kasbiy ta’lim: Minglab bitiruvchi va ishsizlar bandligi ta’minlanmoqda
41 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni, 112 ming nafardan ziyod dual ta’lim o‘quvchisi va minglab yangi kasb egallayotgan fuqarolar. Kasbiy ta’lim tizimidagi islohotlar mehnat bozoriga qanday ta’sir qilmoqda?
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda Kasbiy ta’lim agentligi matbuot kotibi Sadoqat Samandarova bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasidagi natijalarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha 539 ta texnikumda 896 ta “Karera kunlari” tadbiri tashkil etildi. Ularda 112 ming 486 nafar bitiruvchi hamda 9 ming 243 ta ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari ishtirok etdi. Tadbirlar doirasida bitiruvchilarga jami 41 ming 153 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilindi. Natijada 7 ming 318 nafar bitiruvchining bandligi ta’minlandi, yana 12 ming 721 nafar yosh bilan ishga joylashish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. “Karera kunlari” tadbirlarida ishtirok etgan barcha bitiruvchilar faqat shu tadbirlar orqali ish topishi shart emas. Shu bois mazkur raqamlarni butun tizimdagi ishsizlik ko‘rsatkichi sifatida baholab bo‘lmaydi. Biroq, ular kasbiy ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada samarali tashkil etish muhimligini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, kasbiy ta’lim tizimidagi ishlar faqat texnikum bitiruvchilari bilan cheklanadimi?
Ishsiz fuqarolar, kambag‘al oilalar a’zolari va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish borasida qanday amaliy ishlar bor?
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikadagi 811 ta ta’lim muassasasida jami 238 ming 820 nafar band bo‘lmagan shaxs va kambag‘al oilalarning ishsiz a’zolari qisqa muddatli kasb-hunar hamda xorijiy til kurslariga jalb etilgan. Shundan 124 ming 166 nafari Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan o‘qitishga jalb qilingan. Ularning 111 ming 527 nafari kasb-hunarga, 12 ming 639 nafari esa xorijiy tillarga o‘qitildi. Kasb-hunarga o‘qitilgan 28 ming 685 nafar fuqaro vaucher asosida ta’lim oldi. Yana bir e’tiborli raqam: qisqa muddatli kurslarga 137 ming 627 nafar xotin-qiz jalb etilgan. Bu yo‘nalishda yillik reja 110,8 foizga bajarilgan.
Texnikumlarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar soni 112 ming 855 nafarga yetgan. Dual ta’limni rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan hududiy forumlarda 979 ta ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari qatnashdi. Ularning 525 tasi bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bu hamkorlik yoshlarning hali o‘qish davridayoq ish muhiti bilan tanishishi, kasbiy mahoratni amalda egallashi va kelgusida ishga joylashish imkoniyatini oshirishiga xizmat qilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi 2026-yil yanvar oyidagi 35,8 foizdan oktabr oyiga kelib 42,2 foizga yetgan. Oktyabr oyiga qadar 7 000 nafar pedagogning malakasi oshirilgan. Shuningdek, 209 ta texnikumdan 366 nafar payvandlash fani pedagogining malakasi baholanib, ularning 165 nafariga EN ISO 9606-1 xalqaro standarti asosida sertifikat berilgan. Moddiy-texnik bazani yaxshilash doirasida tashabbusli byudjet hisobidan 44 ta, respublika byudjeti hisobidan esa 2 ta texnikumda ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan 14 ta texnikum ustaxona jihozlari, asbob-uskunalar va mebellar bilan ta’minlangan.
Yil yakunigacha qanday vazifalar belgilangan?
Kasbiy ta’lim tizimida yil oxiriga qadar ta’lim sifatini va moddiy-texnik bazani yaxshilash, 6 ta ilg‘or kasbiy mahorat texnikumini tashkil etish, 200 mingga yaqin o‘quvchini kasbga o‘qitish rejalashtirilgan. Shuningdek, 400 ming nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunar, xorijiy til va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, pedagoglar malakasini oshirish, xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirish va xususiy sektorni kasbiy ta’limga jalb etish belgilangan.
Yil yakuniga qadar 66,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan. Yoshlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi, “Kasb tanlash haftaligi”, “Sayyor darslar” va “Ochiq eshiklar kunlari” kabi tadbirlar ham tashkil etilmoqda. “Sport ligasi” musobaqalarida 154 ming 214 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA