Kasbiy ta’lim agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi hamda Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi to‘g‘risidagi nizom;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligining Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom;
Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi diplomning hamda diplomga ilovaning davlat namunalari va tavsiflari;
Kompetensiyani (malakani) egallaganlik to‘g‘risidagi sertifikatning hamda sertifikatga ilovaning davlat namunalari va tavsiflari tasdiqlandi.
2026-yil 1-sentabrga qadar kasbiy ta’lim tashkilotlarida o‘qishini yakunlagan bitiruvchilarga amaldagi ta’lim dasturlariga muvofiq davlat namunasidagi diplom yoki sertifikat beriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirgan shaxslarga Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va Milliy malakalar ramkasining 3, 4, va 5-darajasiga mos keluvchi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim to‘g‘risida diplom, qisqa muddatli kurslar bitiruvchilariga esa o‘qigan moduliga qarab tegishliligi bo‘yicha kompetensiyani (malakani) egallaganlik to‘g‘risida sertifikat beriladi.
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligining maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, hududlari va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Agentlik kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish, ilg‘or xorijiy tajribalarni samarali joriy etish hamda xalqaro standartlarga mos bo‘lgan yuqori malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga bevosita bo‘ysunadi va faoliyati yuzasidan hisobot beradi.
Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
O‘zA