Kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti tomonidan 2026/2027-o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha 7-16-iyul kunlari oralig‘ida maxsus jadval tasdiqlangan edi.
Ushbu jadvalga muvofiq, Jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi. Imtihonlar Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida ertalabki soat 06:00 dan boshlab tashkil etilmoqda. Ushbu imtihonlarda abituriyentlarning jismoniy tayyorgarligi, sport ko‘nikmalari va tanlangan yo‘nalish bo‘yicha qobiliyati maxsus mezonlar asosida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Imtihonlar o‘tkaziladigan joylarda abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan kutish zonalari, ichimlik suvi, tibbiy xizmat, shuningdek, zarur ma’lumotlar olish imkoniyatlari yaratilgan. Imtihonlarning shaffofligi va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida imtihon o‘tkaziladigan barcha joylar zamonaviy kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.

Shu bilan birga, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni internet orqali onlayn rejimda to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yildi. Bu esa ota-onalar va keng jamoatchilikka imtihonlar jarayonini bevosita ko‘rish, ularning shaffof va adolatli o‘tishiga ishonch hosil qilish imkonini bermoqda.
Mazkur oliy o‘quv yurtida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni yuqori darajada, ochiq va shaffof tarzda o‘tkazishga katta e’tibor qaratilgan. Har bir abituriyentga teng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, ular o‘z bilim va qobiliyatlarini bemalol namoyish etishi mumkin.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri