Karomiddin Gadoyev: Malayziya bilan sheriklik Janubi-Sharqiy Osiyo sari yangi imkoniyatlar ochadi
Bugun O‘zbekiston tashqi siyosatida Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, bu jarayonda Malayziya O‘zbekistonning mintaqadagi istiqbolli va ishonchli hamkorlaridan biri sifatida alohida o‘rin tutadi.
So‘nggi yillarda Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi siyosiy muloqot sezilarli darajada faollashib, munosabatlar mazmunan yangi bosqichga ko‘tarildi. Oliy darajadagi tashriflar va muloqotlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdan tortib, islom moliyasi va halol industriya, yuqori texnologiyalar, ta’lim, turizm hamda madaniy-gumanitar aloqalargacha bo‘lgan keng yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Xo‘sh, bugun O‘zbekiston – Malayziya munosabatlari qaysi bosqichda? Oliy darajada erishilgan kelishuvlar qanday amaliy natija bermoqda? Ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligining hali ishga solinmagan imkoniyatlari nimalardan iborat? Malayziya tajribasi O‘zbekistonda halol industriya, islom moliyasi va yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga qanday xizmat qilishi mumkin?
“Diplomatik rakurs” loyihasi doirasida ana shu masalalar xususida O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Karomiddin Gadoyev bilan suhbatlashamiz.
– Hurmatli elchi, avvalo, bugungi kunda O‘zbekiston – Malayziya munosabatlarining holatini qanday baholaysiz? So‘nggi yillarda ikki o‘lka o‘rtasidagi hamkorlikda qanday sifat o‘zgarishlari kuzatilmoqda?
– So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini alohida iftixor bilan aytish mumkin. Bu nimalarda ko‘rinadi? Avvalambor, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashdi. Jumladan, 16 yillik tanaffusdan so‘ng 2024-yilning may oyida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim janobi oliylari yurtimizga tashrif buyurdi. 2025-yilning fevral oyida Prezidentimiz Malayziyaga tashrif buyurib, O‘zbekiston-Malayziya munosabatlarida yangi davrni boshlab berdilar. Davlatimiz rahbarining Malayziyaga so‘nggi 20 yilda ilk bor oliy darajali tashrif bilan kelganini haqiqiy tarixiy tashrif deb atash mumkin.
Ikkinchidan, parlamentlararo aloqalar mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Har ikkala mamlakat parlamentlarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotgan do‘stlik guruhlari tuzilib, ularning yig‘ilishlari muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaga tashrif buyurib, o‘zaro hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi. Xuddi shuningdek, Malayziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Johari bin Abdulning diyorimizga tashrifi davomida har ikkala mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish masalalar ko‘rib chiqildi.
Eng asosiysi, Malayziyada Yangi O‘zbekistonni yanada teranroq taniy boshlashdi, malaylarning respublikamizga, uning boy tarixi va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi yanada ortdi. Ikki o‘lka siyosiy doiralari, tadbirkorlari va ziyolilari o‘rtasidagi bordi-keldi va almashinuvlar sezilarli darajada kuchaydi.
– O‘zbekiston va Malayziya yetakchilari darajasidagi muloqot ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishida qanday ahamiyat kasb etmoqda? Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari xususida fikr yuritsangiz.
– Albatta, O‘zbekiston va Malayziya yetakchilari o‘rtasidagi oliy darajali muloqot har ikkala mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning jadallashishida muhim o‘rin tutadi. Yuqorida aytib o‘tilgan tashriflardan tashqari har ikki davlat rahbarlari muntazam telefon muloqotlari va turli xalqaro tadbirlar doirasida uchrashuvlar o‘tkazib, o‘zaro hamkorlikning kun tartibida turgan masalalar bo‘yicha fikr almashib kelmoqdalar.
Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan muloqoti ushbu mamlakat delegatsiyasi joriy yilning iyun oyida Toshkentda to‘xtab o‘tgan vaqtda amalga oshirildi. Mazkur uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish, islom moliyasi, hududlararo aloqalar, ziyorat turizmi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish muhokama qilindi.
Ikki davlat rahbarlari o‘tkazgan oliy darajadagi muzokaralarining natijasi o‘laroq, Malayziya bilan umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 40 dan ortiq investitsion loyihalar paketi shakllantirildi. Hozirda ularning aksariyati bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Xususan, “Nextgreen Global Berhad” komapniyasi Quyi-Chirchiq tumanida g‘o‘za chiqindilarini qayta ishlash va sellyuloza ishlab chiqarish, “Orion Consorsium Sdn Bhd” kompaniyasi tomonidan Farg‘ona viloyatida gemodializ markazlarini tashkil etish, “SB Synergy Sdn Bhd” kompaniyasi tomonidan Kitob tumanida Qashqadaryo daryosi bo‘ylab quvvati 10 MVt bo‘lgan GESlar qurish, “Tamerlan Marketing” MCHJda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq maqsadli ishlar olib borilmoqda.
Shu o‘rinda o‘tkazilgan oliy darajali muzokaralarning natijasida respublikamizda malayziyalik investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar tufayli ushbu mamlakat biznes doira vakillarining va investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi tobora oshib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Elchixonamiz tashabbusi bilan bir guruh faol, O‘zbekistonga mehri baland malayziyalik tadbirkorlar ishtirokida Kuala-Lumpur shahrida “Malayziya-O‘zbekiston biznes alyansi” nodavlat-notijorat tashkiloti tuzilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ushbu tashkilot Elchixona bilan o‘zaro hamkorlikda malayziyalik tadbirkorlarning yurtimizga biznes missiyalarini tashkil etish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma biznes forumlarni tashkil etishda yaqin aloqalarni amalga oshirib kelmoqda. Albatta, bularning hammasi har ikkala mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratadi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun hali to‘liq ishga solinmagan qanday imkoniyatlar mavjud? Qaysi sohalarni eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ta’kidlagan bo‘lardingiz?
– O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda haligacha to‘la ishlatilmayotgan ulkan salohiyat mavjud. Malayziya kompaniyalari, jumladan, dunyoning eng nufuzli 500 ta kompaniyalari ro‘yxatiga kirgan ushbu mamlakatdan kirgan yagona tashkilot – “Petronas” kompaniyasi gazni chuqur qayta ishlash va “yashil” energiya sohalarida O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirmoqda. Gidroenergetika, jumladan, kichik va o‘rta GESlarni qurish, elektronika va elektrotexnika bo‘yicha Malayziyada katta tajriba mavjud.
Eksport sohasida ham o‘zaro hamkorlikda hali ishlatilmay kelinayotgan ulkan salohiyat bor. Iqlim sharoitlari sababli Malayziya tropik mevalardan tashqari barcha meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan hamda qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarining barchasini chetdan olib keladi. Xususan, ushbu yurt har yili 25 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan 3,0 mlrd. AQSH dollaridan ziyod xo‘l va quritilgan meva-sabzavot va yong‘oq mahsulotlarini import qiladi. Bu O‘zbekiston uchun juda katta va yangi bozor, deyish mumkin. Tegishli standartlarga amal qilgan holda o‘zbek eksportchilari Malayziyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini keskin oshirishi mumkin. O‘z navbatida, malayziyalik tadbirkorlarning o‘lkamizda yetishtiriladigan sifatli mahsulotlarga qiziqishi katta va ular ham o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor.
– Ma’lumki, Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyoning yirik iqtisodiy markazlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston uchun Malayziya ASEAN bozoriga chiqishda o‘ziga xos “iqtisodiy ko‘prik” vazifasini bajarishi mumkinmi?
– Haqiqatan ham, Malayziya iqtisodiyoti hajmiga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyodagi beshinchi va dunyodagi 38-mamlakat hisoblanadi. Bundan tashqari, geografik o‘rniga ko‘ra, ushbu mamlakat Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasiga (ASEAN) a’zo o‘lkalarning markazida joylashgan. Ushbu tashkilotga a’zo 11 ta davlat o‘zaro birgalikda 700 million kishiga yaqin ulkan yagona bozorni tashkil etadi.
Malayziyaning turli tomondan suv bilan o‘ralganligi va quruqlik orqali qo‘shni davlatlar bilan rivojlangan transport tarmoqlari bilan bog‘langani O‘zbekiston uchun ASEAN bozoriga chiqish uchun katta imkoniyat yaratadi. Qolaversa, mamlakat aksariyat dengiz portlarining dunyodagi eng muhim strategik dengiz yo‘lllaridan biri sanalgan Malakka bo‘g‘izida joylashganligi bu borada hali foydalanilmay kelinayotgan salohiyatdan foydalanish eshiklarini yanada kengroq ochib beradi.
Bundan tashqari, ushbu yurtda mavjud qator dengiz portlarida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalari bu yerda o‘zbek mahsulotlari logistik bazasini yaratish va ularni hech qanday qiyinchiliklarsiz va to‘siqlarsiz dangiz orqali ASEAN mamlakatlariga eksport qilish uchun juda qulay.
Bu borada elchixonamiz tomonidan izchil ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan o‘zaro hamkorlikda Kuala-Lumpur shahrida savdo uyini ochdik. Ushbu muassasa mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jalik va sanoat, xalq hunarmandchiligi mahsulotlarini malayziyalik hamkorlarga keng namoyish etish va ular bilan tegishli eksport shartnomalarini imzolash imkonini bermoqda.
– Malayziya islom moliyasi va halol industriyani rivojlantirish bo‘yicha jahonda yetakchi tajribaga ega. Ushbu tajribani O‘zbekistonda qo‘llash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va milliy mahsulotlarimizni xalqaro halol bozoriga olib chiqish borasida qanday istiqbollarni ko‘ryapsiz?
– To‘g‘ri, Malayziya islom moliyasi va shu asosda bank munosabatlarini rivojlantirishda katta tajribaga ega davlat. Bu esa o‘zaro hamkorlik asosida mamlakatimizda ushbu sohalarni rivojlantirish salohiyati ulkan ekanidan dalolat beradi. Shuning uchun ham 2025-yilning sentabrida Islom moliyasi forumi ilk bor Malayziyadan tashqarida, yurtimizda o‘tkazildi. O‘shanda Malayziyaning mahalliy ommaviy axborot vositalari “Islom moliyasi forumi ilk Malayziyadan tashqarida – Imom Buxoriy yurti O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda”, deb xabar bergan edi.
Bundan tashqari, hozirgi paytda butun dunyoda tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan halol mahsulotlarni ishlab chiqarish, turli sohalarda halol ekotizimini barpo etish bo‘yicha Malayziya bilan yaqindan aloqalarni amalga oshirish imkoniyatlari katta. Elchixona tomonidan respublikaning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda Malayziya Islom taraqqiyoti agentligi (JAKIM) va Halol sanoatini rivojlantirish korporatsiyasi (HDC) bilan mamlakatimizda halol sanoati ekotizimini yaratish, xususan, mahalliy mahsulotlarga halol sertifikatlarni taqdim etadigan muassasani barpo etish ustida ish olib bormoqdamiz. Shuningdek, halol standartlarni turizm sohasiga joriy qilish kelajakda O‘zbekistonga musulmon mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar sonini keskin oshirishga keng sharoit yaratadi.
– Shu kunlarda Kuala-Lumpurda xalqaro halol mahsulotlar ko‘rgazmasi (MIHAS-2026) o‘tkazilmoqda. Ushbu nufuzli maydon O‘zbekiston kompaniyalari uchun qanday yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin?
– Bilasizmi, joriy yilda O‘zbekiston kompaniyalari Malayziyaning halol mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasida ikkinchi bor ishtirok etishdi. Bu O‘zbekiston uchun qaysi jihatlari bilan muhim, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Birinchidan, Malayziya allaqachon o‘zini global halol iqtisodiyot markazi sifatida namoyon eta olgan. Shuning uchun, MIHAS-2026 shunchaki savdo ko‘rgazmasi emas, balki u Malayziyaning keng halol sanoati ekotizimiga kirish imkoniyati, davlat idoralari, biznes, sertifikatlash organlari, investorlar, distribyutorlar va xalqaro xaridorlarni birlashtiruvchi muhim maydon.
Ikkinchidan, Malayziyaning strategik mavqei ASEAN va Osiyo bozorlariga kirish eshigini ochib beradi. Shuning uchun ushbu ko‘rgazma o‘zbek kompaniyalari uchun Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga yanada kengroq kirish uchun katta imkoniyat.
Uchinchidan, MIHAS-2026 halol sanoatining tijorat va institutsional jihatlarini o‘zaro birlashtiradi. Bu yerda kompaniyalar faqat o‘z mahsulotlarini namoyish qilibgina qolmay, balki biznes sheriklar bilan aloqa o‘rnatish, savdo, distributsiya va investitsiya masalalrini muhokama qilishlari, shuningdek, texnologiyalar va bilimlar bilan o‘zaro tajriba almashishlari mumkin.
Shu bois, O‘zbekiston uchun MIHAS-2026 ning ahamiyati Malayziya halol tizimi orqali yangi bozorlarga chiqish, bu sohada o‘zaro bilimlarni almashish va global halol iqtisodiyoti doirasida uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni shakllantirish uchun platforma ekanida ko‘rinadi.
Bu yilgi MIHAS doirasida 14 ta sanoat yo‘nalishini o‘ziga jamlagan duyoning 80 ga yaqin davlatidan 1700 ortiq (2400 dan ortiq stendlarda) ishlab chiqaruvchi, savdo va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada mamlakatimizning 7 ta oziq-ovqat sanoati va eksportchi korxonalari o‘z mahsulotlarini namoyish qildi. Jumladan, “Ermak”, “Ermak Plus”, “Crafers”, “N’Medov” va “Delice” kabi yetakchi brendlarga tegishli halol sertifikatiga ega 100 dan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
Mazkur ko‘rgazma doirasida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mamlakatning halol sertifikatlangan mahsulotlarini targ‘ib qilib, Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyolik sheriklari o‘rtasida o‘zbek brendlarini yanada kengroq tanitishga muvaffaq bo‘ldilar. O‘tkazilgan ikki tomonlama uchravshuvlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes (B2B) aloqalarini o‘rnatish, aniq tijorat, distribyutorlik sherikliklarini rivojlantirish hamda qo‘shma investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish uchun sharoit yaratdi.
– Malayziyaning yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, elektronika va innovatsiyalar sohasidagi tajribasini hisobga olsak, bu yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud?
– Malayziya nisbatan qisqa tarixiy muddatda yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar hisobiga jadal rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga qo‘shila olgan. Ayniqsa, bu yerdagi elektronika va elektrotexnika sohasidagi yutuqlar tahsinga sazovor. Hozirda o‘lkaning yarim o‘tkazgichlar sohasidagi tajribasi jahonning eng rivojlangan mamlakatlari tomonidan tan olingan va Malayziya ushbu mahsulotlarni jahon bozoriga yetkazib berish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.
Ana shuni inobatga olgan holda, Prezidentimiz Malayziyaga amalga oshirgan tarixiy tashriflari davomida ushbu davlat bilan yarim o‘tkazgichlar sohasida yaqin aloqalarni o‘rnatish, bu yerda mavjud tajribadan foydalanib, O‘zbekistonning o‘z milliy yarim o‘tkazgichlar sanoatini barpo etish eshiklarini ochib berdilar. Malayziyaning “MIMOS Berhad” davlat kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralarning natijasi o‘laroq, hozirda bir guruh o‘zbekistonlik talantli yoshlarni Malayziyada qayta tayyorlash va ularni bir yil davomida ushbu mamlakatning yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalarida malaka oshirishlari masalasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa kelajakda yurtimizda milliy yarim o‘tkazgichlar sohasini barpo etish va rivojlantirish uchun o‘z hissasini qo‘shishi shubhasiz.
– Ikki davlat o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi. Malayziya universitetlari bilan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlar, akademik almashinuv va ilmiy loyihalarni kengaytirish bo‘yicha qanday tashabbuslar mavjud?
– O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy sohadagi o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Ushbu sohalarni o‘zaro hamkorlikdagi eng tez rivojlanib borayotgan yo‘nalishlardan deb aytish mumkin. 2025-yil fevral oyida Prezidentimizning Malayziyaga tashrifi doirasida birinchi “O‘zbekiston-Malayziya oliy ta’lim forumi” o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning 30 ga yaqin yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etib, malayziyalik hamkor universitetlar bilan rekord darajadagi – 55 dan ortiq o‘zaro hamkorlik hujjatlari imzolandi. Bu o‘z navbatida, har ikki davlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish imkonini berdi. Ushbu forum natijasida “O‘zbekiston-Malayziya oliy o‘quv yurtlari konsorsiumi” tuzildi va u hozirda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Buxoro davlat universiteti va Buxoro davlat texnika universiteti va boshqa qator oliy o‘quv yurtlari Malayziyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin aloqalarni olib bormoqda. Joriy yilning 21-25-sentabr oyida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti delegatsiyasining Malayziyaga tashrifi davomida ushbu o‘lkaning strategik kommunikatsiyalar sohasida jahondagi top 30 ga kiruvchi oliy o‘quv yurtlaridan biri UCSI universiteti bilan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, O‘zJOKUda UCSI universiteti ishtirokida uchta yo‘nalish bo‘yicha, ya’ni strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha dastlabki tayyorlov dasturi, ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha bakalavr va strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha magistrlar tayyorlash dasturlari tashkil etiladi. Shunga o‘xshash dasturlarni respublikamizning boshqa hududlaridagi universitetlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha ham ishlarni amalga oshiryapmiz.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning 800 dan ortiq turli energetika, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar, bank, turizm, oliy va o‘rta ta’lim va boshqa qator soha vakillari Malayziyaning yetakchi ta’lim muassasalarida o‘z malakalarini oshirdilar. Shuningdek, keyingi yillarda Malayziyaning strategik tadqiqotlar bo‘yicha davlat va nodavlat muassasalari Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga tobora kengroq ahamiyat bermoqdalar.
Shuningdek, hozirgi vaqtda 1000 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba Malayziyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida biznes boshqaruvi, energetika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, kiberxavfsizlik kabi qator zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olishmoqda. Elchixona ko‘magida Kedax shtatidagi Al-Buxoriy xalqaro universitetida esa 50 dan ortiq o‘zbek talabalarining turli yo‘nalishlar bo‘yicha bilim olishlari to‘la grant asosida tashkil etilgan.
– O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi Malayziya sayyohlari uchun katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Ayniqsa, ziyorat turizmi yo‘nalishida Malayziyadan diyorimizga turistlar oqimini oshirish uchun qanday imkoniyatlar bor?
– Qayd etish kerakki, aholisining katta qismini musulmonlar tashkil etadigan Malayziyada mamlakatimizning tarixiy-madaniy, ayniqsa, jahon tamadduni va islom dunyosi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar va hadisshunos olimlarimizning merosiga bo‘lgan qiziqish juda katta. Islom me’morchiligi an’analari asosida barpo etilgan O‘zbekistonning tarixiy shaharlaridagi betakror obidalarga sayohat qilish har bir malayziyalikning orzusi hisoblanadi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda butkul yangilangan Imom Buxoriy majmuasining o‘ta jozibadorligi malayziyaliklarni tobora o‘ziga ko‘proq jalb etmoqda.
Bundan tashqari, hududida doimiy ekvatorial iqlim hukmron va butun yil davomida bir xil havo harorati (+30, +32 daraja) mavjud bo‘lgan Malayziya aholisi uchun O‘zbekistondagi to‘rt faslning barchasi – yam-yashil bahoru, jazirama yoz, oltin kuz-u, zumrad qish juda jozibador sayyohlik manzili sanaladi. Mamlakatimiz hududining aynan shu xususiyati undagi boy tarixiy-madaniy meros, tog‘, cho‘l, voha va daryo vodiylaridan iborat go‘zal tabiat manzaralari hamda har qanday kishini lol qoldiradigan xilma-xil gastronomik imkoniyatlar tufayli keyingi yillarda Malayziyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimining tobora oshib borishiga olib kelmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yil davomida yurtimizga kelayotgan malayziyalik sayyohlarning soni uch barobarga oshdi. Bunga albatta har ikkala mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi o‘zaro aviaqatnovlar sonining haftasiga ikkitadan sakkiztagacha ko‘paygani katta hissa qo‘shmoqda.
Ayniqsa, Malayziya bilan “Umra plyus” sayyohlik paketlari doirasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda katta salohiyat mavjud. Malayziya har yili umra va haj ziyoratini amalga oshiruvchilarning soniga ko‘ra yetakchi mamlakatlardan biri sanaladi. Shunisi e’tiborliki, ushbu o‘lkada umra va haj ziyoratidan oldin islom rivojiga ulkan hissa qo‘shgan musulmon mamlakatlaridan biriga safar qilish an’ana tusiga kirgan. Shuning uchun ham, joriy yilda Malayziyaning umra va haj ziyoratlarini tashkil etishga mas’ul davlat tashkiloti bo‘lgan “Tabung haji” tomonidan malayziyaliklar uchun O‘zbekistonni “Umra plyus” sayyohlik manzili sifatida dasturga kiritishga erishdik. Bu esa esa, kelajakda Malayziyadan O‘zbekistonga kelayotgan ziyoratchi sayyohlarning sonini keskin oshishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, mamlakatimizning tarixiy shaharlari Samarqand va Buxoroga Kuala-Lumpurdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish ziyorat turizmi borasidagi o‘zaro hamkorlikni sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqishi mumkin. Hozirda “Malaysia Airlines” va “Batik Air” aviakompaniyalari bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganib chiqmoqdamiz va ular yaqin kelajakda yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
– Madaniy-gumanitar aloqalar haqida gap ketganda, o‘zbek va malay xalqlarini yaqinlashtiradigan qanday umumiy qadriyatlarni alohida qayd etgan bo‘lardingiz?
– O‘zbek va malay xalqlarining hayot tarzi, qadriyatlari, urf-odat va an’analari bir-biriga yaqin. Bunga o‘z navbatida, ushbu an’analarning Markaziy Osiyodan Malakka yarim oroliga Buyuk ipak yo‘li ta’sirida Xitoy va Boburiylar uzoq yillar hukmronlik qilgan Hindiston orqali kirib kelishi o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Shu bilan bir qatorda, har ikkala mamlakatda muqaddas islom dini bilan bog‘liq qadriyatlar hamda turli millat va elatlar o‘rtasidagi munosabatlarda bag‘rikenglik an’analari juda yaxshi rivojlangan.
Bundan tashqari, Malayziyada Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Bahovuddin Naqshband, Imom Moturudiy, Imom Termiziy kabi allomalarning buyuk merosiga yuksak ehtirom bilan qarashadi. Mamlakatning turli qismlarida Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy nomi bilan atalgan ob’ektlarni ko‘rib ko‘zingiz quvnashi shubhasiz.
Shuningdek, malayziyaliklar Malakka yarim orolini o‘rganishga va uning Janubi-Sharqiy Osiyodagi muhim savdo hududlaridan biriga aylanishiga katta hissa qo‘shgan va bobosi asli buxorolik bo‘lgan Chjeng Xe (yoki Chjeng Ma, asli ismi Mahmudning qisqartmasi) xotirasiga ehtirom sifatida Malakka shtatida unga haykal o‘rnatishgan.
Shu o‘rinda Malayziya texnologiya universitetining rahnamosi sanalgan mamlakat qirolichasi Raja Zarit Sofiya joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chog‘ida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’analar: manbalar, dolzarb masalalar va salohiyat” mazusidagi xalqaro konferensiyada ikki davlatni ilm-fan, meros va sivilizatsion qadriyatlar birlashtirib turishini ta’kidlab, O‘zbekistonni musulmon olamining yirik ilmiy markazlaridan biri sifatida e’tirof etganini alohida ta’kidlash joiz. Malayziya qirolichasining qayd etishicha, Imom Buxoriy, Moturidiy va Beruniy kabi allomalar merosi bugun ham Malayziya ta’lim tizimida chuqur o‘rganilib, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik umumiy ma’naviy va ilmiy qadriyatlarga tayangan holda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shuningdek, Malayziya Milliy universiteti ulug‘ allomalarimizning ilmiy merosini o‘rganish borasida Imom Buxoriy, Imom Moturudiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy markazlari bilan yaqindan aloqalar o‘rnatgan. Ushbu hamkorlikning amaliy natijasi o‘laroq, har yili qo‘shma anjumanlar o‘tkazilmoqda va har ikkala mamlakatda yashab o‘tgan ulamolarning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan hissasiga oid ilmiy to‘plamlar chop etilmoqda.
Bosh qarorgohi Kuala-Lumpur shahrida joylashgan Butunjahon sufiylar markazi tomonidan har yili O‘zbekistonda Bahovuddin Naqshbandiy va Imom Buxoriy anjumanlari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro anjumani joriy yilning iyun oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan bo‘lsa, 6-Naqshbandiya xalqaro festivali 17-23-sentabr kunlari Buxoro shahrida tashkil etildi.
– Aytingchi, elchixona oldida bugun qanday ustuvor vazifalar turibdi? Yaqin istiqbolda O‘zbekiston – Malayziya munosabatlarida qanday yangi loyiha va tashabbuslarni kutish mumkin?
– Bugungi kunda Kuala-Lumpurdagi elchixonamiz oldida Prezidentimizning Malayziyaga amalga oshirgan oliy darajadagi tashriflari davomida belgilangan vazifalarni to‘liq bajarish, ushbu yurt bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada jadallashtirish, O‘zbekistondan eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmini oshirish va respublikamizga kelayotgan turistlar oqimini oshirish kabi ustuvor vazifalar turibdi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun vakolatxonamizda barcha imkoniyatlar mavjud. Joriy yilning o‘zida elchixona tashabbusi bilan Malayziya kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 1,5 mlrd. AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 10 ga yaqin loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishga muvaffaq bo‘ldik.
Yaqin yillarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, axborot texnologiyalari, tibbiyot, bank, energetika, oziq-ovqat, turizm, qurilish va boshqa sohalarda Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa qator hududlarda investitsion loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Eng asosiysi, buning uchun mustahkam asos bor, chunki, malayziyaliklarning, xox u oddiy turist bo‘lsin, xoh turli sohalardagi tadbirkor yoki ta’lim sohasi vakili bo‘lsin, Vatanimizga qiziqishi tobora ortib boryapti. Bu esa ikki tomonlama aloqalarni yaqin kelajakda yanada rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA
Kuala-Lumpur, Malayziya