"Karfagen" operatsiyasi: Ukraina Bosh prokuraturasidagi korrupsiya(+video)
«Karfagen» operatsiyasi Ukraina Bosh prokuraturasidagi misli ko‘rilmagan korrupsiya sxemasini fosh etdi. Firibgar koll-markazlarni himoya qilgan yuqori martabali amaldorlar kimlar?
Koll-markaz aslida odamlarga qo‘ng‘iroq qiladigan yoki ulardan qo‘ng‘iroq qabul qiladigan operatorlar markazi. Bu yerda keltirilayotgan koll-markaz esa odamlarni telefon orqali aldab, pul undirish bilan shug‘ullangan. Tergov taxminlariga ko‘ra, Ukraina Bosh prokuraturasi rahbarlaridan biri boshqargan guruh a’zolari firibgarlik bilan shug‘ullanuvchi koll-markazlardan pora olgan va noqonuniy yo‘l bilan topilgan pullarni legallashtirgan.
Korrupsiyaga qarshi mustaqil idoralar ushbu tergovni «Karfagen» operatsiyasi deb atadi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda guruh a’zolarining telefon suhbatlari yozuvlari va kuzatuv kameralari tasvirlari aks etgan videoni e’lon qildi.
Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil o‘rtalaridan boshlab Bosh prokuraturaning mansabdorlaridan biri koll-markazlarni himoya qiluvchi va ulardan pul oluvchi guruh tuzgan.
Ma’lum qilinishicha, bu koll-markazlar xodimlari Ukrainava Yevropa davlatlaridagi odamlarga qo‘ng‘iroq qilib, turli firibgarlik sxemalari orqali ulardan pul undirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoiy guruhda «Kansler» taxallusi bilan harakat qilgan Bosh prokuror idorasi xodimi asosiy rolni o‘ynagan. U «Shef» deb atalgan shaxs homiyligida ishlagan.
Korrupsiyaga qarshi idoralar gumonlanuvchilarning ismlarini rasman aytmagan. Biroq yakshanba kuni Ukraina Oliy korrupsiyaga qarshi sudi Bosh prokuratura Xalqaro hamkorlik departamenti rahbari Sergey Krapivani qamoqqa olish haqida qaror chiqardi. «Ukrainskaya pravda» nashri ham o‘z manbalariga tayanib, Krapiva tergovdagi asosiy shaxs ekanini xabar qildi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, «Shef» taxallusi ortida Ukraina Bosh prokurori Ruslan Kravchenko turgan bo‘lishi mumkin. Kravchenko esa bu ayblovlarni rad etdi. U noqonuniy koll-markazlarni himoya qilishga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi. U tergovda nomi tilga olingan Bosh prokuratura xodimi lavozimidan chetlatilganini ma’lum qildi.
Tergov taxminlariga ko‘ra,«Karfagen» operatsiyasida tilga olingan shaxslar koll-markazlar faoliyatiga aralashmaslik evaziga pora olgan.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA