Karate olimpiya o‘yinlari tizimida qoladimi?
Bugun bir guruh Fransiya hukumati a’zolari va mamlakat sport hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lganlar karate sportini 2024 yilgi olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish tashabbusi bilan chiqdi.
Ma’lumki, karate Yaponiya davlati va Xalqaro karate federatsiyasi iltimosiga binoan “Tokio-2020” dasturida bir martalik ishtiroki uchun ruxsat berilgandi. XXXIII olimpiya o‘yinlarining tasdiqlangan sport turlari safiga esa karate kiritilmagandi.
Aytish lozimki, ushbu sport turining xalqaro maydonda rivoj topishida Fransiya davlatining o‘rni beqiyos. Aynan ushbu mamlakat karateni xalqaro sport turi sifatida birinchilardan bo‘lib e’tirof etgan va dunyodagi ilk xalqaro karate to‘garaklarini tashkil qilgandi. Yevropadagi birinchi karate turnirlari ham Fransiyada o‘tkazilgan edi. Shuning uchun ham ular karateni Parij olimpiadasida ko‘rishni istamoqda.
Shu maqsadda, Fransiya parlamentining 115 nafar deputati “Parij-2024” tashkiliy qo‘mitasiga karateni olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha murojaat xatini yo‘lladi, deya xabar taqatdi franceinfo sayti.
Bu, hozircha niyat. Niyatning ro‘yobi esa Xalqaro olimpiya qo‘mitasi hay’atiga bog‘liq. Ammo 2024 yilgi yozgi olimpiya o‘yinlari Fransiyada o‘tkazilayotganligini inobatga olsak, karate olimp tizimiga kiritilishi uchun imkoniyatlar yetarli. Lekin tasdiqlangan “Parij-2024” dasturini o‘zgartirib bo‘larmikin? O‘yinlarni o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi fransuzlar ekanligi nazarda tutilsa, orzular haqiqatga aylanishi ehtimoldan yiroq emasdek ko‘rinadi. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.
To‘lqin RO‘ZIEV.