Karate: hozircha vakillarimizda ikkita oltin
Ayni daqiqalarda poytaxtimizdagi muhtasham “Oʻzbekiston” sport majmuasida karatening WKF yoʻnalishi boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionatining final bellashuvlari boʻlib oʻtmoqda.
Ayni daqiqalarda poytaxtimizdagi muhtasham “Oʻzbekiston” sport majmuasida karatening WKF yoʻnalishi boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionatining final bellashuvlari boʻlib oʻtmoqda.
Hozirgacha oʻtkazilgan final janglarida vakillarimiz ikkita oltin medalga sazovor boʻldi. Dastlab tatamiga ayollar oʻrtasida vazni 50 kilogacha boʻlgan sportchilar taklif etildi. Unda oltin medal uchun hamyurtimiz Bahriniso Boboyeva karate vatani vakilasi Mixo Miyaxara bilan kuch sinashdi. Jang oldidan kunchiqar yurt vakilasining imkoniyati yuqori baholanayotgan edi. Bu tabiiy hol, zotan karateda hozircha yaponlarga munosib raqobat qilishda nafaqat oʻzbek, balki butun dunyo karatechilari muammolarga duch kelmoqda. Bahriniso ham avvaliga qiynaldi, raqibidan hatto uch ochkolik farq bilan ortda qolayotgan edi. Ammo, oʻz uyingda devorlar ham suyaydi deganlaridek Boboyevaga muxlislar daldasi kuch bagʻishladi va u 7-4 hisobidagi farqni yoʻqqa chiqardi, yakuniy hisob 8-8, ammo soʻnggi ochkoni hamyurtimiz qoʻlga kiritgani, qolaversa yapon sportchisida ogohlantirishlar koʻpayib ketgani sababli gʻalaba Bahrinisoga berildi. Dastlabki oltin medal naqd.
Boboyevaning gʻalabasidan ruhlangan yana bir vakilimiz Sadriddin Saymatov ham oʻz muxlislariga quvonch ulashdi. U erkaklar oʻrtasida 60 kilogacha vazn toifasida qirgʻizistonlik Rafael Akbarov ustidan qiyin gʻalabaga erishdi. Jangning asosiy vaqtida hamyurtimiz kichik ustunlik bilan oldinda borayotgan edi. Jang tugashiga sanoqli soniyalar qolganda Sadriddin uch ochkolik zarba yoʻllab, jang taqdirini hal qildi. Bu oʻzbekistonlik sportchilar tomonidan qoʻlga kiritilgan ikkinchi oltin medal edi.
Afsuski terma jamoamizning gʻolibona odimini ayollar oʻrtasida 55 kilogacha vazn toifasidagi vakilamiz Sevinch Rahimova davom ettirolmadi. U final bahsida eronlik Travat Haksarga imkoniyatni boy berdi.