Karantin ko‘rigi dalolatnomasi avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish jarayonlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, karantin ostidagi mahsulotlarni xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olish quyidagi asosiy mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi:
karantin ostidagi mahsulotlarning zararli organizmlarni tashuvchanlik xususiyatidan kelib chiqib yuqori, o‘rta va past fitosanitar xavf darajasi;
karantin ostidagi mahsulotdan foydalanish maqsadlari (ekish, iste’mol qilish, qayta ishlash va boshqalar);
mahsulot ishlab chiqarilgan va eksport qilinayotgan davlatning fitosanitar holati;
mahsulotga ishlov berilganlik darajasi (xom, yarim tayyor, qayta ishlangan va boshqalar);
mahsulot importi nazoratida karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlarning aniqlanganlik holatlari;
g) fitosanitar nazorat o‘tkazishda xavfni boshqarish tizimi faqat hujjatli tekshiruvga yo‘naltirganda karantin ostidagi mahsulotlar uchun berilgan bir ariza asosida karantin ko‘rigi dalolatnomasi avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi. Bunda yuk identifikatsiya qilishga va jismoniy nazoratga yo‘naltirilmaydi va yuk egasining xohishiga ko‘ra bojxona omborlariga joylashtirilmasdan erkin muomalaga chiqariladi;
d) karantin ostidagi mahsulotlarni fitosanitariya nazoratining xavf profillari va mezonlariga asoslangan xavflarni boshqarish tartibi Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
2026-yilning avgust oyidan boshlab sinov tariqasida bir yil davomida meva-sabzavotlarga ixtisoslashgan tumanlarda mahsulotlarni yetishtirishdan eksportgacha bo‘lgan zanjirda fitosanitar nazoratni amalga oshirishda karantin inspektorining ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishdagi ayrim funksiyalarini bajarishga ko‘maklashuvchi jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Jamoatchi inspektorlikka talabgorlar "Edukarantin.uz" platformasi orqali onlayn o‘quv kurslarida o‘qitiladi. Qo‘mitada tashkil etiladigan tanlov komissiyasi xulosasi asosida onlayn o‘quv kurslarini tamomlagan talabgorlar bilan Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari o‘rtasida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuziladi. Hududiy boshqarmalar bilan shartnoma tuzgan talabgorlarga Qo‘mita tomonidan guvohnoma, Qo‘mitaning logotipi tushirilgan nimcha, bosh kiyim (kepka) va maxsus jihozlar beriladi.
Jamoatchi inspektorlar faoliyatini Qo‘mitaning axborot tizimi orqali baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Jamoatchi inspektorlar faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlaridan (KPI) kelib chiqqan holda ushbu faoliyat davom ettiriladi. Inspektorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda jamoatchi inspektorlarning xulosasi asosida rasmiylashtirilgan har bir ichki fitosanitariya sertifikati to‘lovining Jamg‘armaga yo‘naltiriladigan qismining 50 foizi ularga to‘lov sifatida yo‘naltiriladi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab olib kirilayotgan fitosanitar xavfi yuqori bo‘lgan karantin ostidagi urug‘lik va ko‘chat mahsulotlari fitosanitar nazoratdan o‘tkazilguniga qadar ularni saqlash uchun foydalaniladigan bino va inshootlar (omborlar)ga qo‘yilgan fitosanitar talablarga muvofiq bo‘lgan joylarda saqlanadi, mahsulotlarni olib kirgan transport vositalarida bojxona omborlariga tushirilmagan holda vaqtincha saqlash bundan mustasno.
Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda mahsulot tarkibidagi pestitsid va nitrat qoldiq miqdorlarining importchi davlatlar tomonidan qo‘yilgan talablarga muvofiqligini aniqlashda mahsulot yetishtirilgan ekin maydoni hamda hosil hajmidan kelib chiqib akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilganligi to‘g‘risidagi ijobiy xulosa taqdim etiladi yoki "Agroko'makchi" mobil ilovasidagi "dala daftari"ga mahsulotlarni yetishtirish davomida pestitsidlardan foydalanish to‘g‘risidagi kiritib borilgan ma’lumotlar inobatga olinadi.
Akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat turlari va narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Mahsulotlardan namuna olish uchun zarur bo‘lgan sarflash materiallari va namunalarni laboratoriyalarga yetkazib berish xizmatlari xususiy sektordagi laboratoriyalar bilan kelishuv asosida ko‘rsatiladi hamda mazkur xizmatlarni ko‘rsatishda yuzaga keladigan haqiqiy xarajatlar laboratoriyalar tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.
2029-yil 1-yanvardan boshlab meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.
O‘zA