“Kamolot-tur” velomarafoni yakunlandi
Poytaxtimizda “Kamolot-tur” VII yoshlar velomarafonining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur an’anaviy musobaqa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi kabi qator davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni sportga keng jalb qilish hamda mamlakatimizda velosportni yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani sog‘lom avlodni voyaga etkazishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. An’anaviy “Kamolot-tur” velomarafoni ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir.
Mazkur velomarafon yoshlarda sportga qiziqish oshayotganini yana bir bor namoyon etdi. Buni musobaqa qatnashchilari safi yildan-yilga kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Velomarafonning hududiy bosqichlarida g‘alaba qozongan velopoygachilar poytaxtlik ko‘ngilli velosportchilar bilan birga 20 kilometrlik masofani bosib o‘tdi.
Toshkentlik Gavriil Sulemin, Aleksey Srailov, Toshkent viloyatidan Temur Shukurov, qoraqalpog‘istonlik Ilhom Yesaliyev, Pana Dao‘letbayev, namanganlik Shuhrat Hojiyev, farg‘onalik Elyorbek Nishonov, jizzaxlik Nodirbek Xursanov, xorazmlik Bektemir Rajabov g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
– Velosport inson salomatligi uchun foydali sport turlaridan biridir, – deydi namanganlik Shuhrat Hojiyev. – Bunday musobaqalar yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etishda, sportni ommalashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Velomarafon ishtirokchilari “Eng yosh poygachi”, “Faxriy velopoygachi”, “Eng mahoratli texnik velopoygachi”, “Eng irodali velopoygachi”, “Eng mahoratli velopoygachi qiz” va “Velopoygachilar oilasi” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.