“Kamolot kubogi” musobaqasi
Xorazm viloyatida 10-15 yoshli bolalar o‘rtasida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha “Kamolot" kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Xorazm viloyatida 10-15 yoshli bolalar o‘rtasida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha “Kamolot" kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan musobaqada yuzdan ziyod yosh sportchi ishtirok etdi.
“Biz – sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!” shiori ostida o‘tgan bellashuvlarda kompleks mashqlarni bajarish bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida xivalik Temur Komilov, qizlar orasida xonqalik Farangiz Qadamboyevaga teng keladigani topilmadi.
Xiva tumanidagi 26-umumta’lim maktabi o‘quvchilari Sardor Boyjonov va Davlatyor Isomiddinov ham “Kamolot kubogi” bahslarida yuqori pog‘onalarni band etdi.
– 2013-yili shu sport turi bo‘yicha o‘tgan viloyat birinchiligida raqiblarga imkoniyatni boy berib qo‘ygandim, – deydi D.Isomiddinov. – O‘tgan bir yil mobaynida o‘z ustimda tinmay ishladim. Ustozlarim maslahatiga qat’iy amal qildim. Bu o‘z samarasini bera boshladi. Maqsadim – xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning maxsus diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.