Kamilla Rahimova Seulda g‘alaba qozondi
Janubiy Koreyaning Seul shahrida tennis bo‘yicha ayollar o‘rtasida WTA 250 turkumiga kiruvchi «Korea Open-2026» xalqaro turniri o‘tkazilmoqda. Musobaqaning yakkalik va juftlik bahslarida mamlakatimiz sharafini Kamilla Rahimova munosib himoya qilmoqda.
Yakkalik bahslarining asosiy to‘riga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, Kamilla Rahimova va yana bir tennischimiz Polina Kudermetova bilan ilk bosqichda o‘zaro kuch sinashdi. Qizg‘in kechgan uchrashuvda mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova uch set yakuniga ko‘ra 7:6, 4:6, 7:5 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning ikkinchi bosqichiga yo‘l oldi.
Sovrin jamg‘armasi 283 ming 347 AQSH dollarini tashkil etuvchi turnirning navbatdagi bosqichida Kamilla Rahimova amerikalik Keti Volinetsga qarshi kortga chiqadi.
Shuningdek, Kamilla Rahimova «Korea Open-2026» turnirining juftlik bahslarida neytral maqomdagi tennischi Alina Charayeva bilan tandem hosil qildi. Ular musobaqaning birinchi bosqichida Xitoy Taypeyi vakillari U Fan-Syan va Chan Xao-Chin juftligiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA