Kamilla Rahimova nufuzli turnirni g‘alaba bilan boshladi
Kamilla Rahimova juftlik bahslarida o‘z o‘yiniga mos sherigi bilan samarali tandem hosil qilib, birinchi davradan o‘tdi.
Angliyaning Istborn shahrida WTA 500 toifasiga kiruvchi “Lexus Eastbourne Open – 2026” xalqaro tennis turnirida O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova juftlik bahslarini muvaffaqiyatli boshladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Kamilla Rahimova juftliklar o‘rtasida yaponiyalik Miyu Kato bilan juftlik hosil qilib, ilk bosqichda britaniyalik tennischilar Emili Aplton va Alisia Dyudeni duetiga qarshi kortga chiqdi. Uchrashuvda Kamilla va Miyu 6:2, 7:5 hisobida zafar quchdi.
Endi mukofot jamg‘armasi 499 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi “Lexus Eastbourne Open – 2026” turnirining ikkinchi bosqichida K.Rahimova va M.Kato ikkinchi davrada braziliyalik Luiza Stefani va kanadalik Gabriela Dabrovski bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA