Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi
Prezidentimiz raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida gaz va elektr ta’minoti tizimini barqarorlashtirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish hamda sohani raqamlashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash, shuningdek, Yangiyo‘l tajribasi asosida «tumanbay» ishlash tizimini joriy etish maqsadida «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta’minoti filiali tomonidan Koson tumanida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Joylarda tashkil etilgan ishchi guruhlar iste’molchilar bilan bevosita muloqot qilib, hisob-kitoblar, murojaatlar, to‘lov intizomi va mavjud muammolarni o‘rganmoqda. Aniqlangan masalalarni joyida hal etish, qarzdorliklarni bosqichma-bosqich kamaytirish va iste’molchilarga qulay to‘lov imkoniyatlari haqida tushuntirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda tumandagi 22 ta mahallaning 5 tasida gaz ta’minoti ob’ektlari xatlovdan o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida 21 kilometr gaz tarmog‘i va 2 ta gaz taqsimlash punktida kamchiliklar aniqlanib, ular «qizil» toifaga ajratildi.

Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida 8,9 kilometr gaz tarmog‘i va 2 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlanib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Tizimda to‘lov intizomini mustahkamlash va debitor qarzdorlikni kamaytirish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Yil boshidan 4 milliard 359 million so‘m debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan 1 ming 324 nafar iste’molchi gaz tarmog‘idan ajratildi va qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi.
Shuningdek, 35,6 kilometr gaz tarmog‘i monitoringdan o‘tkazilib, 4 ta gaz sizib chiqish holati aniqlandi. Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida 31 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, bu bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Aniqlangan qoidabuzarliklar natijasida 296 million 443 ming so‘m miqdorida zarar hisoblandi.
Joylardagi bu kabi o‘rganish va amaliy chora-tadbirlar gaz ta’minoti tizimidagi muammolarni tezkor aniqlash va bartaraf etish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish hamda iste’molchilarga sifatli va barqaror xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri