Kallas: yirik davlatlar YeI birligidan qo‘rqmoqda (+video)
Rossiya, AQSH va Xitoy Yevropaning bo‘linishidan manfaatdor. Bu haqda 17-may kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ma’lum qildi, deb xabar berdi DW nashri.
Oliy vakilning so‘zlaridan Politico nashri ham iqtibos keltirgan.
“Nega bu yirik davlatlar Yevropa Ittifoqini zaiflashtirishni xohlaydi? Chunki biz birgalikda ulardan ancha kuchlimiz”, — dedi u Tallinda bo‘lib o‘tgan konferensiyada.
“Shu bois ham ular Yevropa Ittifoqini yoqtirmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Kallas.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy ham, Rossiya ham Yevropa Ittifoqini aynan uning birligi va qudrati sabab xushlamaydi.
“Agar biz birdam bo‘lsak, agar birgalikda harakat qilsak, ular bilan teng qudratga ega bo‘lamiz, kuchli bo‘lamiz”, — dedi YeI vakili.
Kallasning fikricha, ularning alohida davlatlar bilan ishlashi ancha oson, chunki ular yagona blok sifatida harakat qiladigan Yevropa Ittifoqidan ko‘ra kichikroq va ta’sir doirasi torroq.
U, shuningdek, “sizlar bilan munosabatlarimiz yaxshi, ammo Yevropa Ittifoqini yoqtirmaymiz” qabilidagi bayonotlar AQSHning “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” strategiyasining bir qismi ekanini aytdi.
Kaya Kallas Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni Vashington bilan ikki tomonlama kelishuvlar orqali ittifoq birligini zaiflashtirmaslikka chaqirdi.
“Men juda xavotirdaman, chunki ba’zi davlatlar aynan shu yo‘ldan ketayotganini ko‘ryapman”, — dedi u.
Politico nashrining yozishicha, Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan keyin ayrim Yevropa davlatlari Vashington bilan blokdan tashqari alohida aloqalarni saqlab qolishga intilgan.
Jumladan, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Yevropa bilan AQSH o‘rtasida vositachi bo‘lishga uringan, ammo Trampning Rim papasini tanqid qilganidan keyin bu strategiya muvaffaqiyatsiz tugagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/P6MYlOAjw6M" title="Kallas: yirik davlatlar YEI birligidanqo‘rqmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA