Kadastr sohasidagi murojaatlarga yechim izlandi
Davlat kadastrlari palatasi raisining o‘rinbosari Ravshan Nishonov Navoiy viloyatining Tomdi tumanida bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarning kadastr sohasidagi muammolarini o‘rgandi hamda ularga yechim topish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.
Unda 23 nafar fuqaro va tadbirkorlarning kadastr sohasiga oid murojaat hamda muammolari tinglanib, tizimga oid qonunchilikdagi yangilik, o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Qabulda ishtirok etgan fuqarolarning aksariyati yer ajratish masalalari bo‘yicha murojaat qildi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2021 yilning 1 avgustidan boshlab mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjatlarni qabul qilish huquqi bekor qilingan. Yerlarni sotib olish ochiq elektron auksion orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, qabulda fuqarolar kadastr hujjati tayyorlash, davlat ro‘yxatidan o‘tish, yer uchastkalarini xususiylashtirish va ochiq elektron auksionda qatnashish borasidagi murojaatlariga ham atroflicha javob oldi.
– Moddiy ahvolim yaxshi emasligi sababli kadastr hujjatlarini tayyorlashga qiynalayotgan edim, – deydi fuqarolardan biri Alya Turijoyeva. – Davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma borasida hujjat so‘ralganida, menda bunday imtiyoz yo‘qligini aytdim. Shundan keyin menga homiylar ko‘magida kadastr hujjatlarimni tayyorlab berish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatma berildi. Bu muammo tez kunda ijobiy hal qilinishini aytishdi.

– Sayyor qabulda ishtirok etib, tadbirkorlik qilish uchun yer so‘ragandim, – deydi Svetlana Tulbayeva. – Menga tadbirkorlik uchun yer uchastkalari ajratilishi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan ochiq elektron auksion savdosi orqali bo‘lishi tushuntirildi va hozirgi vaqtda mavjud bo‘sh yer uchastkalari ko‘rsatildi.
Sayyor qabulda ijrosi o‘rganish va vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, mas’ul rahbarlarga ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA