O‘zbekistonlik shaxmatchilar Germaniya musobaqasida qatnashmoqda
Bugun, 9-oktabr kuni Germaniyada boshlanayotgan mamlakat shaxmat bundesligasining 2026/27 yilgi mavsumining murosasiz musobaqalarida o‘zbekistonlik 5 nafar grossmeyster qatnashishi e’lon qilindi.
16 ta shaxmat klublari ishtirokida o‘tadigan musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Rustam Qosimjonov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev nemis klublari safida dona suradi.
Xususan, Nodirbek Abdusattorov “SC Viernheim” jamoasi sharafini himoya qilsa, Javohir Sindorov, Rustam Qosimjonov, Shamsiddin Vohidov “OSG Baden-Baden”, Nodirbek Yoqubboyev esa “FC Bayern München” klubi nomidan musobaqada qatnashmoqda.

Ta’kidlash kerakki, “SC Viernheim” jamoasi Germaniya shaxmat bundesligasining amaldagi g‘olib jamoasi sanalsa, “OSG Baden-Baden” bu yilgi mavsumda g‘oliblikka asosiy da’vogar klublardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya shaxmat bundesligasi musobaqalariga 1980-yili asos solingan bo‘lib, bugungacha o‘tkazilgan musobaqalarda Anand, Svidler, Shirov, Bakro, Karlsen singari nomdor shaxmatchilar ishtirok etgan.
Musobaqalar 11-oktabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA