Jurnalistning noni qattiqmi?
Xalq jurnalistga ishonadi, unga dardini aytadi.
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Xalq jurnalistga ishonadi, unga dardini aytadi. Jurnalistga muammosini hal etib beradigan kuyunchak inson sifatida qaraydi. Bugun ayni shu jihat, yaʼni xalqning ishonchiga munosib boʻlish umidi bosma nashrlar tahririyatlarida faoliyat yuritayotgan hamkasblarimizni shu sohada tutib turibdi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Yoʻqsa, bosma ommaviy axborot vositalarining bugungi ahvoli quvonarli emasligi achchiq haqiqat. Hatto nufuzli nashrlar adadi ham keskin tushib ketgan. Bu oʻz-oʻzidan tahririyatlarning moliyaviy ahvoliga, ularda mehnat qilayotganlarning daromadiga jiddiy taʼsir koʻrsatgan.
Shunga qaramay, pok qalbli, boshqalar dardini oʻz dardi deb biladigan, gazetachilikni taqdiri deb qabul qilgan insonlar ishlaydigan tahririyatlar kelajakka ishonch bilan, sobitligu sadoqat bilan faoliyat yuritayotgani quvonarlidir.
Ana shunday jamoalardan biri, hech shubhasiz, viloyat hokimligi muassisligidagi “Qashqadaryo” va “Novosti Kashkadari” gazetalari tahririyati hisoblanadi. Joriy yilda asos solinganiga 95 yil toʻlgan “Qashqadaryo” gazetasi sahifalarini varaqlar ekansiz bunga toʻla ishonch hosil qilasiz.
Har bir sonda viloyat hayotiga oid eng ishonchli xabarlar bilan birga, hech boʻlmaganda bitta chuqur tahlilga asoslangan, “tosh bosadigan”, aholini qiynayotgan muammolarning yechimini izlashga qaratilgan maqola oʻqiysiz.
Toʻgʻri, bugun turli ijtimoiy tarmoqlardan istagancha yangilik olish mumkin. Gazetalarda ham shular atrofida soʻz boradi. Ammo farqi shundaki, “Qashqadaryo” gazetasi tahririyatida nashrda berilayotgan oddiy bir xabarning ham ishonchli boʻlishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Odamlarni zeriktirib qoʻygan haybarakallachilik, koʻtar-koʻtarlardan qochiladi. Xolislikka, aniqlikka urgʻu beriladi. Bu mushtariyga voqea-hodisani qanday boʻlsa shundayligicha, boricha qabul qilishga imkon yaratadi.
Tanqidiy-tahliliy maqolalarda bir yoqlama qarashdan qochiladi, ikkinchi tomonning, zarurat boʻlganda betaraf kishilarning ham fikri inobatga olinadi va bu bahslarda haqiqat tugʻiladi.
Gazeta qatlamlarini varaqlar ekansiz, 2019-yilda 200 dan ortiq, joriy yilda yuzga yaqin dolzarb mavzulardagi tanqidiy-tahliliy maqolalar chop etilganiga guvoh boʻlasiz. Xursand qiladigan jihati, ularning baʼzilarida koʻtarilgan muammolar oʻz yechimini topib, odamlar hayotiga yengillik kirgan. Boshqalari esa baʼzi soha mutaxassislarining gazetaga, unda bosilgan maqolaga beeʼtiborligi uchungina besamar qolgan.
Intervyu: Nafas Shodmonov, Qarshi davlat universiteti professori.
Tahririyat jamoasi har bir masalani oxirigacha yetish va muammoni hal qilish maqsadida chop etilgan tanqidiy maqolalarni mutasaddi tashkilotlarga rasmiy xat bilan joʻnatishga odatlangan. To muammo barataraf etilmaguncha oʻzlari ham tinim bilishmaydi, boshqalarni ham tindirishmaydi. Bundan elu yurt manfaat koʻradi. Eng muhim shu.
Keyingi paytlarda gazeta dizaynida ham sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Bir xillikdan xoli sahifalar bir qarashdayoq eʼtiborni jalb etishi uchun butun jamoa yakdil harakat qiladi. Fotomuxbir maqolalarga mos suratlar topsa, sahifalovchi uni oʻz oʻrniga joylashtirish, maqolalarni shaklan oʻqishli qilish, sal mubolagʻa qilib aytganda, “gapirtirib yuborish” uchun tinim bilmaydi.
Odamlar gazetada soʻz qanday yozilsa, shuni toʻgʻri deb hisoblaydi. Shu bois tahririyatda gazeta sahifalarida grammatik xatolar boʻlmasligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Baʼzi tahririyatlarda musahhihlikni, sahifalashni, hatto muharrirlikni ham bir kishi qilayotgan boʻlsa, bu yerda bitta sahifa bir emas, ikki emas, naq besh nafar mutaxassisning nazoratidan oʻtadi.
Tahririyat jamoasi faqat bosma nashrning sifatini yaxshilash, uning boshqa nashrlardan har jihatdan oldinda boʻlishini taʼminlash bilangina cheklanib qolayotgani yoʻq. Gazetaning veb-sayti ham doimiy ravishda yangilanib, unga viloyat hayotiga oid eng muhim xabarlar joylanib bormoqda. Telegram kanaliga ham har soatda xabar joylashtiriladi va, eng muhimi, ularning asosiy qismi mualliflari tahririyat aʼzolari. Boshqa kanallarga havola qilingan xabarlarni deyarli uchratmaysiz. Xabarlarda xolislik ufurib turadi.
- Respublikasi Konstitutsiyasining XV bobi Ommaviy axborot vositalari, deb nomlangan. Ushbu bobodagi 67-moddada “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning toʻgʻriligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yoʻl qoʻyilmaydi ”deya qatʼiy belgilab qoʻyilgan, - deydi “Qashqadaryo” gazetasi boʻlim muharriri Jahongir Boymurodov. - Bu mamlakatimizda avvalboshdanoq ommaviy axborot vositalariga yuksak ishonch bildirilgani, soha xodimlarining erkin foliyat yuritishi, haq-huquqlari nafaqat tizimga oid qonunchilik normalari, balki, mamlakatning Bosh Qomusi orqali mustahkamlab qoʻyilganini anglatadi. Soʻnggi yillarda esa jurnalistikaga boʻlgan eʼtibor yana-da kuchaydi. Aslida jurnalist har qanday holatda ham haq soʻzni aytishdan qoʻrqmasagina shu kasbga munosib boʻladiyu, biroq soʻnggi yillarda erkin soʻz, erkin fikr bildirish imkoni yana-da kengaydi. Bugun jurnalistning internet nashrida boʻladimi, bosma nashr yoki televideniye, radiodami ishlashi, oʻzini koʻrsatishi, xalq dardini, joylarda boʻlayotgan voqea-hodisalarni olib chiqishi, keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etishi uchun barcha imkoniyati bor.
Tahririyat jamoasi kelajakka ana shunday ishonch bilan intilmoqda. Bu intilishlar albatta oʻz samarasini berib, nashr adadi yana koʻpayishiga, veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari yangi mazmun bilan boyishiga, pirovardida ular xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilishiga shubha yoʻq.