Jurnalistlar – Vatan himoyachilari
Har birimiz o‘z oilamiz, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imiz, shahrimiz, bir so‘z bilan aytganda, Vatanimiz haqida gap ketsa, bee’tibor bo‘lolmaymiz, negaki, kindik qonimiz to‘kilgan go‘sha – ota makon, ona yurtni ardoqlash va ulug‘lash tabiatimizda mujassam. Vatanni asrab-avaylash, sevish, uni himoya qilish har bir shu aziz makon farzandining, jumladan, jurnalistlarning ham muqaddas burchi.
To‘g‘ri, jurnalist harbiylar kabi qo‘liga qurol olib Vatanni qo‘riqlamaydi. U qo‘lidagi qalami bilan yurtini himoya qilishi lozim. Jurnalistlar – Vatan himoyachilari, deb ham aytishimiz mumkin. Dunyoda yuzaga kelgan notinchliklar, avj olayotgan qarama-qarshiliklar ana shu muqaddas burchga sadoqat mas’uliyatini oshirish barobarida har birimizni, ayniqsa, media soha vakillarini axborot xurujlari katta tahdidlardan biriga aylanib borayotgan bugungi kunda yanada ogoh va hushyor bo‘lishga undayotgandek.
Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kechada mamlakatimiz markaziy ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat olib borayotgan bir yuz ellik nafarga yaqin jurnalistlar ham ishtirok etdi.

Saroy foyesida tartib bilan joylashtirilgan harbiylarning mashq maydonlarida olingan suratlar, “Turkiy adabiyot durdonalari” turkumidan kitoblar ko‘rgazmasi, sport miltiq va modelchilik jihozlari e’tiborni tortadi.
Bir yarim soat davom etgan kecha dasturidan o‘rin olgan rang-barang chiqishlar – el suygan san’atkorlarning Vatanni, onani, ayolni, do‘stni, tabiatni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari, el sevgan shoirlarning oila, el-u yurt, tinchlik, sevgi muhabbatga oid, odamni o‘yga toldiradigan chuqur ma’noli, qalblarni junbushga keltiradigan she’rlari, harbiylarimiz faoliyatiga doir mazmunli, ko‘tarinkilik, faxr-iftixor baxsh etuvchi lavhalar – barcha-barchasi kishiga zavq-shavq berish barobarida chuqur o‘yga toldiradi, fikrlashga, mushohada qilishga undaydi. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik o‘z-o‘zidan ta’minlanmayotgani, uni qadrlash, saqlash har qachongidan ham ustuvor ahamiyat kasb etayotganini yanada teran anglaysiz.
Tadbirda tarixda el-u yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun kurashgan To‘maris, Barchinoy, mohir mergan sifatida nom qozongan Zebo G‘aniyeva singari xotin-qizlarga bag‘ishlangan she’rlar yangradi. Bugun ham milliy armiyamiz tizimida ularning yuzlab izdoshlari Vatanimiz xavfsizligini ta’minlash yo‘lida yigitlar bilan yonma-yon xizmat qilmoqda.

Mudofaa va Madaniyat vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan kechada o‘z xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan Vatan himoyachilarining farzandlari – ota kasbini tanlagan yigit-qizlarning chiqishlari, dil so‘zlari ta’sirlantiradi.
Davlatimiz rahbarining “Barchamiz, eng avvalo, Vatan himoyachisi, tinchlik posboni bo‘lishimiz zarur!” degan chuqur ma’noli so‘zlari sahnada namoyish etilgan badiiy-musiqiy chiqishlarning bosh g‘oyasi bo‘ldi, desak adashmaymiz.
Tinchlik – eng bebaho ne’mat. Ishtirokchilarga katta ma’naviy ozuqa bergan kechada qatnashgan odam tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun butun xalq bir tan-u bir jon, ahil-inoq, Vatanga sadoqatli bo‘lishi, birlashishi, yakdil bo‘lishi lozimligini his qiladi, qalban tushunadi.
– "Vatan manzumasi" tadbiri menga mamlakatimiz ahlining kuchli insoniy tuyg‘ulari namoyishidek taassurot berdi. Bu tuyg‘ular doimo uyg‘oq bo‘lishi kerak, – deydi “Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri Chori Latipov. – Shuni nazarda tutganda ma’rifiy uyg‘onishlar yuz berayotgandek nazarimda. Bu tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan ziyolilar, xususan, jurnalistlar taklif etilganligi, shuningdek, zalda Vatan himoyasida bo‘lgan harbiy libosli yigitlarimizni ko‘rib, tadbirning mohiyati yuksak ekanligini his qilasan kishi. Zotan, bunday tadbirlar ishtirokchilarda Vatan muqaddasligi hissini yanada mustahkamlaydi.
Xolmurod SALIMOV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.
O‘zA