Jurnalistlar klaster faoliyati bilan tanishdi
Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati va viloyat investitsiya boshqarmasi ommaviy axborot vositalari xodimlarini hududda investitsion loyihalarni amalga oshirishning borishi bilan tanishtirish maqsadida Zomin tumanidagi “Jizzax Organic” chorvachilik klasteriga press tur tashkil etdi.
Ijodiy safar avvalida Jizzax viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev ishtirokchilarga hududga investitsiyalarni jalb etish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish sohasida olib borilayotgan ishlar bilan batafsil ma’lumot berdi.
Viloyatda 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 27,4 trillion so‘mlik 604 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan. Jumladan, sanoat yo‘nalishida umumiy qiymati 20,6 trillion so‘m bo‘lgan 201 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 966,3 milliard so‘mlik 214 ta, qishloq xo‘jaligida 5,8 trillion so‘m bo‘lgan 189 ta loyihalar amalga oshiriladi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish maqsadida kiritiladigan sarmoyaning 5,2 trillion so‘mini bank kreditlari va 1,8 milliard dollarini xorijiy investitsiyalar tashkil etadi. Loyihalarni amalga oshirish natijasida 22 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-121]
Zomin tumanida amalga oshirilayotgan “Jizzax Organic” chorvachilik klasteri ham qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri. Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida amalga oshirilayotgan qiymati 100 million AQSH dollar bo‘lgan loyiha bo‘yicha 10 ming bosh go‘sht va 3 ming bosh sut yo‘nalishidagi qoramol boqiladigan chorvachilik klasterida barpo etilayotir.
Ushbu loyihaga ommaviy ahborot vositalari xodimlarining e’tiborini jalb etish uchun press tur tashkil etilgani bejiz emas. "Jizzax organis" klesterini barpo etish faqat Jizzax viloyatida, emas, mamlakatimiz agrosanoat tizimidagi eng yangi innovatsion texnologiyalar asosida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihasi hisoblanadi.
Shuning uchun respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan vakillari va hududdagi jurnalistlar qatnashgan ushbu ijodiy safar ishtirokchilarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Tadbir ishtirokchilari loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish davomida ushbu chorvachilik klasterini amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad, u nima sababdan aynan shu hududda barpo etilayotgani, bugungacha qilin ishlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Ushbu loyiha ko‘lami nechog‘li kattaligini u yaqin o‘tmishda Zomin va Zarbdor tumanlaridagi o‘ndan ziyod sobiq shirkat xo‘jaliklari paxta va g‘alla yetishtirish bilan shug‘ullanib kelgan 10 ming 775 gektar, shu jumladan, 8 ming 964 gektari sug‘oriladigan maydonni qamrab olganligida ham ko‘rish mumkin.
Janubiy Qizilqumning Zomin tumani adirliklariga tutashgan dashtlarida o‘tgan asrning 70-yillarida o‘zlashtirilib tashkil etilgan paxtachilik xo‘jaliklari o‘sha davrda ham, 2000 yildan keyin ham aytarli samara bermadi. Keyingi yillarda yerlardan shirkatlar ham, ularning o‘rnida tashkil etilgan fermerlar ham na paxtadan va na g‘alladan aytilgan hosilni ololmay zararga ishlab kelgan. Ishdan chiqqan irrigatsiya va meloratsiya tizimini tiklashga mablag‘ yo‘qligi natijasida yer zaxladi, sho‘rladi, tuproq unumdorligi keskin pasayib ketdi.
Yerdan ko‘zlangan hosilni yetishtirilmasligi hududda ijtimoiy muammolarni chuqurlashtirib yubordi, aholining turmush sharoiti og‘irlashuviga olib keldi. Hududda yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglash yerdan foydalanishdagi yondoshuvni tubdan o‘zgartirishni, katta mablag‘ni talab etardi. Shuning uchun chorvachilik uchun qulay bo‘lgan bu hududda ushbu tarmoqni rivojlantirish mavjud muammoni hal etishning maqbul yo‘li sifatida tanlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 iyuldagi "Jizzax viloyatida go‘sht-sut mahsulotlarini yetishtirish yo‘nalishidagi agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan hududda chorvachilik klasterini tashkil etishga mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi "Jizzax organis" chet el korxonasi jalb etildi. Xorijiy korxona hududda sut, go‘sht ishlab iqarish va qayta ishlash uchun naslli chorvachilik agroklasterini tashkil etishga kirishdi.
Shu maqsadda viloyat hokimining qarori bilan klasterga chorva ozuqasi yetishtirish uchun 10,7 ming gektar yer maydoni ajratildi.
Kelaster faoliyati davomida oxirgi o‘ttiz yilda foydalanishdan chiqib qolgan yerning unumdorligini tiklashda nemislarning ilg‘or qishloq xo‘jalik texnologiyalari qo‘llanilayotir. Bu yil 1,5 ming gektar yer foydalanishga qaytarildi. Kelgusi yil 4,5 ming gektar qaytariladi.
— Hozirgacha loyihaga kiritilgan investitsiya hajmi 62 million AQSH dollarini tashkil etdi, — deydi "Jizzax organis" chet el korxonasi bosh direktori Hikmatilla Karimov. — 2022 yil oxirigacha 150 million dollar o‘zlashtiriladi. Ayni paytda ingichka tolali, marmar go‘sht yetishtirish uchun buqachalarni boqishga kirishdik. Shuningdek, bozorga hidsiz, parxez qo‘y go‘shti yetkazib berish uchun Avsraliyadan dopler zotli 2 ming 100 bosh qo‘y olib keldik. 2022 yilda Yevropadan 30 litrgacha sut beradigan Golshtin-Friz zotli sigirlari keltirilib, oson hazm bo‘ladigan A2 suti yetkazib beramiz. Bu ishlar ilg‘or texnologiyalar asosida, xorijlik mutaxassislar bilan birgalikda amalga oshirilayotir.
Jurnalistlarning hudud bo‘ylab ekskursiyasi davomida bosh chorvador Rodni Gilford tushintirish berib bordi.
– Ishni chorvachilik majmuasini bunyod etishdan boshlaganmiz, –deydi bosh chorvador. – Jizzax Organic” chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalari, eng so‘ngi ilm-fan yutuqlari va ilg‘or tajribalarning jamlanganligi bilan ahamiyatlidir. Bu, shubhasiz, go‘sht, sut va boshqa chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Masalan, sut fermasi loyihasi bilan Italiyaning firmasi shug‘ullanayotir. Kompleksdagi barcha ishlar, sigirlarni oziqlantirish, havoni mo‘’tadil saqlash, sut sog‘ish, xonalarni tozalash ishlari avtomatik tizimda bajariladi.
Press tur qatnashchilari Yevropa texnologiyasi asosida ishlovchi asbob-uskunalar bilan jihozlangan molxona, bu yerda sigirlarni oziqlantirish, sog‘ish, sug‘orish, oziqlantirish, tagini tozalash avtomatik jarayonlari bilan qiziqdi.
Mollar uchun alohida sayr maydonchalari mavjud. Chunki sigirlar qancha ko‘p yurib, harakatlansa, ulardan olinadigan mahsulot miqdori oshadi. Har bir molxona maxsus sovutish, ventilyatsiya va yomg‘irlatib cho‘miltirish tizimiga ega.
Hozir kompleksda 5 ming boshga yaqin Angus va Gereford zotlardan iborat qarmol boqish hisobiga go‘sht yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Xorijdan bir yil avval keltirilgan Angus zotli 590 bosh moldan 220 bosh buzoq olinib, dastlabki avlod yaratildi.
Mollarni ozuqa bilan ta’minlashda podani yaylovda boqish asosiy usullardan hisoblanadi. Shuning uchun yaylov uchun ajratilgan maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish tizimi o‘rnatilayotir. Shu maqsadda 20 kilometr magistral quvur yotqizildi. Hozirgacha 600 gektar yaylov va ozuqa yetishtiriladigan maydonda sug‘orish qurilmalari ishga tushirildi. Kelgusida bunday qurilma o‘rnatilgan maydonlar 3 ming 300 gektarga yetkazish ustida ish olib borilayotir.
Loyiha asosida chorva ozuqa bilan ta’minlash, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan birga kompleksning seleksion-genetik markazi faoliyatini ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu loyihani amalga oshirishdan ichki bozorni ekologik toza, arzon va sifatli mahsulot bilan to‘ldirish bilan birga eksportni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.
Loyihada “Jizzax” Organic ishchi xodimlari uchun butun bir kichik shaharcha qurish va infratuzilmani yo‘lga qo‘yish rejasi tuzilgan. Ayni paytda ishlab chiqarish majmualari bilan birgalikda injener-texnik xodimlar, ishchilar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy ko‘p qavatli turar joy binolari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish inshootlari barpo etilmoqda.
T.BEKNAZAROV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA