Jurnalistlar Cho‘lpon uy-muzeyida bo‘ldi
Andijonlik bir guruh jurnalistlar, soha faxriylari Abdulhamid Cho‘lpon uy-muzeyida bo‘ldi.
Millatparvar shoir, jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri Abdulhamid Cho‘lpon tavalludining 126 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi tomonidan shoirning uy-muzeyiga sayohat tashkil etildi.
XX asr o‘zbek adabiyotini Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ijodisiz tasavvur qilish qiyin. Cho‘lponning yangilikka intilish, hurlik, muhabbat, ona yurt, tabiat go‘zalliklari haqidagi ijod namunalari o‘zbek adabiyotining betakror sahifasi sifatida tarixga muhrlangan.
Sayohat ishtirokchilari dastlab Andijon shahrining Cho‘lpon bog‘iga o‘rnatilgan shoir haykali poyiga guldasta qo‘ydi. So‘ng Cho‘lponning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritildi. Shoir ijodining o‘ziga xos jihatlari haqida fikr va mulohazalar bildirildi, Cho‘lpon she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Shundan so‘ng jurnalistlar Cho‘lpon uy-muzeyidagi eksponatlar – kitoblar, qo‘lyozmalar, tarixiy fotosuratlar, Cho‘lpon foydalangan buyumlar bilan tanishdi. Muzey ilmiy xodimi Kamoliddin Mamatqulov har bir eksponat bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berdi, sayohat ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
– Cho‘lponning uy-muzeyga qilingan sayohatdan ko‘p ma’lumotlar oldim, – deydi faxriy jurnalist Jannatxon Nasritdinova. – Muzey uning hayoti, faoliyatiga bog‘liq qo‘lyozmalar, fotosuratlar, kitoblar, ashyo va jihozlar bilan boyitilgan ekan. Muzey eksponatlari bilan tanishish asnosida Cho‘lpon o‘zbek jurnalistikasi rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shganligi haqida yanada kengroq ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Yakunda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari Habib Siddiq, Umida Egamberdiyeva va yosh ijodkor Muhammadrasul Mamatqulov o‘zlarining yangi chop etilgan kitoblarini muzeyga topshirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.