Jurnalist ayollarimiz yanada faol bo‘lsin
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Jurnalistlar ijodiy uyushmasi qoshidagi Jurnalist ayollar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, Jurnalist ayollar kengashining raisi Feruza Adilova va boshqalar mamlakatimizda ayollarning siyosiy-huquqiy faolligini oshirish, Vatanimiz kelajagi uchun fuqarolik mas’uliyati hissini tobora kuchaytirish borasida tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda qayd etilganidek, yurtimizda kechayotgan shiddatli islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa yetkazishda jurnalist ayollarning o‘rni katta. Bu jihatlar bosma va internet nashrlari, televideniye va radio sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan ayol jurnalistlarning ijodiy izlanishi, ishga o‘ziga xos tarzda yondashishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ayni paytda bugun jurnalist ayollarimiz faolligi har qachongidan ham muhimligi davra suhbatida alohida ta’kidlandi. Zero, jamiyatda kechayotgan ijobiy yangilanishlar bilan birga kamchiliklarni ham ko‘ra bilish, ular haqida bong urish har bir jurnalistning burchidir.
Davra suhbatida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov tomonidan "Atirgul" tanlovini qayta tiklash, ushbu tanlov g‘oliblarini 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida taqdirlash taklifi kiritildi. Shuningdek, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va boshqa qator tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan "Yil ayoli" milliy tanlovida jurnalist xotin-qizlar uchun alohida nominatsiya joriy etilishi ham maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Kengash yig‘ilishida siyosatchi va jurnalist Feruza Muhammadjonova bugungi kunda jurnalist opa-singillarimiz siyosiy faolligini oshirishda so‘nggi yillarda erishilayotgan natijalar, xususan, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar safida xotin-qizlar o‘rni ham ortib borayotgani ahamiyatga molik ekanini qayd etdi.
Tadbir qizg‘in fikr-mulohazalarga boy bo‘ldi. Bir guruh jurnalist ayollar O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga qabul qilindi. Ularga a’zolik guvohnomalari va ko‘krak nishonlari topshirildi.
N.Usmonova, O‘zA