Jumagul momo shuhrat qozondi
Prezidentimizning joriy yil 25 avgustdagi Farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan asrga tengdosh nuroniylar qatorida Paxtachi tumani Qarnabota qishlog‘ida yashovchi, 105 yoshli Jumagul Saidova ham bor.
Jumagul momo 1916 yilda Navoiy viloyati Karmana tumanida tug‘ilgan. Bolalik yillari og‘ir, suronli davrlarga to‘g‘ri kelgani bois 14 yoshidan boshlab dalaga chiqib mehnat qilgan, yer haydagan, g‘alla o‘rgan.

1940 yilda Paxtachi tumani Qarnabota qishlog‘ida yashovchi Jo‘ra Saidov bilan turmush qurgach, shu qishloqda yashab, mehnat qildi. Ikki o‘g‘il, ikki qizni voyaga yetkazib, ularni o‘qitdi, uyli-joyli qildi.
Momo bugun farzandlari, 9 nevara, 15 evara, 28 chevara e’zozu ehtiromida katta oilaning tabarruk duogo‘yi bo‘lib hayot kechirmoqda.

Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i A.Umarov Jumagul momoning uyiga borib, tabarruk onaxonga Prezidentimiz nomidan “Shuhrat” medalini topshirdi. Suhbat chog‘ida keksa avlod vakillari davlatimizning doimiy e’tiborida ekanligi ta’kidlandi. Ularda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, e’zozlash barchamiz uchun sharafli burchdir.
O‘z navbatida Jumagul momo urush yillari qiyinchiliklari, kolxozda, qishloq kasalxonasida ishchi bo‘lib ishlagan yillari haqida so‘zlab, bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetish kerakligini aytdi. Duoga qo‘l ochib, Prezidentimizga sog‘liq-omonlik, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tiladi.

G‘.HASANOV, O‘zA