JST og‘ir davrni boshdan kechirmoqda
-
Trampning savdo siyosati oqibati keyingi yil bilinadi
Jahon savdo tashkiloti (JST) rahbari Okonjo-Iveala Ngozining fikricha, AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan so‘nggi paytda yuritilayotgan tarif siyosati so‘nggi 80 yildagi global savdo qoidasi keskin buzilishiga sabab bo‘ldi. Buning oqibati keyingi yildan sezila boshlaydi. “Reyter” agentligi e’lon qilgan maqoladan shunday xulosa chiqarish mumkin. Umuman, nufuzli tashkilot rahbari Trampning global savdo jarayoniga ta’siriga alohida to‘xtalgan.
Hozir JST sharti asosida amalga oshirilayotgan xalqaro savdo ulushi 80 foizdan 72 foizga tushib ketgan va bu miqdor kelgusida yana pasayishi mumkin.
JST qoidasi eng qulay davlat rejimi tamoyilini nazarda tutadi. Ushbu tartib a’zo davlatlardan barchaga teng munosabatda bo‘lishni talab qiladi.
Ngozi xonim qo‘shimcha qilishicha, tarifning ta’siri keyinroq – 2026 yil seziladi. Ya’ni, keyingi mavsumning birinchi yarmida dastlabki mahsulot yetkazib berish natijasida yuzaga kelgan jahon savdosi so‘nggi o‘sishi pasaya boshlaydi.
Xavotir jiddiy(mi?)
Kuni kecha Kansler Fridrix Mers Berlindagi Germaniya xorijiy kanali ko‘rsatuvida JST endi asl vazifasini bajara olmaydi, dedi va savdo siyosati qoidalarining yangi tizimini ishlab chiqishga chaqirdi:
– Biz, yevropalik hamkorlar muayyan qoidaga asoslangan erkin savdo tizimini targ‘ib qilamiz. Jumladan, AQSHga nisbatan ham. Shu bilan birga, masalan, JST ayni payt ishlamayotgani va endi haqiqiy vazifasini bajara olmasligini ham tan olishimiz kerak. Hozir eng zaruri – bizning ijodkorligimiz. Aniqroq aytganda, yangi savdo siyosati qoidasi hamda hamkorlikning yangi tizimini ishlab chiqish bo‘yicha majburiyatimiz.
Tashkilot isloh qilinishi kerak
– BRIKS davlatlari JST isloh qilinishi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi kerak, – dedi Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa BRIKS sammiti chog‘ida. – Mamlakatimiz islohot bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu jarayonda BRIKS davlatlari ham ishtirok etishi kerak.
Aslida nima bo‘lgan edi?
Tramp Oq uyga qaytgach, savdo siyosatini keskinlashtira boshladi. 2 aprel kuni importga 10 foizlik asosiy soliq joriy etilishi va alohida mamlakatlar uchun o‘zaro boj oshirilishi jarayonning yuqori nuqtasi bo‘ldi. AQSH yetakchisi bu sanani “Ozodlik kuni” deb atadi. Bir hafta o‘tgach, tarif oshirilishi to‘xtadi va Qo‘shma Shtatlar ko‘plab sheriklar bilan savdo muzokaraga kirisha boshladi.
1 avgust kuni Tramp bir necha davlatga nisbatan qo‘shimcha boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Oq uy e’lon qilgan hujjatga ko‘ra, tarif darajasi 10-41 foiz oralig‘ida belgilanadi. 69 mamlakatga nisbatan joriy etilgan yangi tartib 7 avgustdan kuchga kirdi.
Garchi, AQSH apellyatsiya sudi 30 avgust kuni Tramp tarif joriy etish huquqiga ega emasligi, shu sababli aksar qo‘shimcha tartib noqonuniy e’lon qilinganini ta’kidlagan. Afsuski, huquq idorasi qarorni 14 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy suddagi tinglovgacha o‘z kuchida qoldirgan.
S.Rahimov, O‘zA sharhlovchisi