JSST uzoq ta’sir etuvchi in’eksion dorilar standartlarini e’lon qildi
Dunyoda sil kasalligini davolash va uning oldini olish jarayonlarini tubdan soddalashtirishga qaratilgan muhim qadam qo‘yildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) uzoq ta’sir etuvchi in’eksion dori vositalarining yangi maqsadli rejim profillarini tasdiqladi.
Ma’lumki, sil kasalligini davolash va profilaktika qilishda har kuni ma’lum bir dorilar bir necha oylar davomida qabul qilinadi. Bu, ko‘plab bemorlar uchun uzoq vaqt davomida muolajaga qat’iy rioya qilishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Xuddi shunday yondashuv ilgari OIV infeksiyasini davolash amaliyotini tubdan o‘zgartirib yuborgani kabi, uzoq ta’sir etuvchi in’eksion dorilar (LAI) ham sil dorilarini qabul qiluvchi insonlar hamda sog‘liqni saqlash tizimi zimmasidagi yukni keskin yengillashtirishi mumkin. Ayni paytda silga qarshi shunday yangi dori vositalarining bir nechta nomzodlari klinik rivojlanish bosqichida.
JSSTning OIV, sil, gepatit va jismoniy yo‘l bilan o‘tadigan infeksiyalar departamenti direktori Tereza Kasayevaning ta’kidlashicha, bunday uzoq ta’sir etuvchi in’eksiyalar silning oldini olish va uni davolashni ehtiyojmand insonlar uchun ancha soddalashtiradi. Yangi e’lon qilingan profillar tadqiqotchilar va farmatsevtika ishlab chiquvchilariga yangi dorilar o‘z samaradorligi, xavfsizligi hamda bemorning erkin tanlov huquqini saqlab qolgan holda amaliyotda qanday natija berishi kerakligini oldindan ko‘rsatib beradi.
Ushbu maqsadli rejim profillari (TRP) farmatsevtika sanoati, ilmiy doiralar, tadqiqot muassasalari, donorlar hamda sildan jabr ko‘rgan jamoalar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, har bir dori vositasi uchun minimal va eng maqbul optimal talablarni aniq belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, sil profilaktikasi uchun mo‘ljallangan profil to‘liq kursni yagona muloqotda bitta in’eksiya orqali berishni nazarda tutadi. Sil kasalligini davolash profili esa uch yoki undan kamroq muolaja orqali to‘rt oydan oshmaydigan rejimni qamrab oladi. Har ikkala yo‘nalishda ham sog‘liqni saqlash tizimining quyi bo‘g‘inidagi tayyorlangan mutaxassislar tomonidan kichik hajmli in’eksiyalar amalga oshiriladi.
JSST qoshida tuzilgan ilmiy guruh tomonidan xalqaro tadqiqotlar, jamoatchilik muhokamalari va keng qamrovli so‘rovnomalar asosida ishlab chiqilgan mazkur yondashuv kelgusida bemorlar uchun tanlov erkinligini saqlab qoladi va davolanish jarayonlarining yanada qulay va samarali bo‘lishiga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA