Joriy yilda tadbirkorlarni nimalar kutmoqda?
Bizga ma’lumki, davlatimizning iqtisodiy, ijtimoiy, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, bank-moliya, mudofaa va boshqa sohalarini rivojlantirish, takomillashtirish, ushbu sohalarda mavjud muammolarni yechimiga qaratilgan taklif va rejalar, yurtimizning yaxshi an’anasiga aylanib ulgurgan, har yili bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining parlamentga Murojaatnomasida yoritib beriladi.
Bu yili ham an’anaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti parlamentga Murojaatnomasida butun dunyoni tahlikaga solgan va barchani esankiratib qo‘ygan koronavirus Covid-19 infeksiyasining dunyo bo‘ylab tarqalishi va uning jahon iqtisodiyotiga behisob zarar ko‘rsatayotganligini inobatga olib, oldimizga qo‘yayotgan rejalar, amalga oshirilayotgan islohotlar pandemiya zarbasini yumshatishga qaratilishi lozimligi, shuningdek ushbu islohotlar natijasi davlat boshqaruvidagi samaradorlikka uzviy bog‘liq ekanligi ta’kidlandi.
Murojaatnomada, xususan, iqtisodiy islohotlarni jadal amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab quvvatlash masalalariga alohida urg‘u berib o‘tildi.
Asosiy e’tibor iqtisodiyotning barcha jabhasiga bozor mexanizmini joriy etishga qaratilishi lozimligi ta’kidlanib, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgartirishlar orqali uzoq muddatli barqaror o‘sish poydevorini yaratish zarurligi aytib o‘tildi.
Xususan, ustav kapitalining asosiy qismi davlatga tegishli bo‘lgan bir qator banklarni xususiylashtirish va bu orqali bank sohasida sog‘lom raqobatni shakllantirish va bank xizmatlari va kreditlash sifatini oshirishga erishish ta’kidlandi. Bunda bank xizmatlari ko‘lamini kengaytirish, ya’ni yangi moliyaviy instrumentlar, masalan fond bozorini rivojlantirish, obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalash kabi xizmatlarni, bank faoliyatiga raqamli texnologiyalarni tatbiq etish lozimligi aytib o‘tildi.
bugungi kunda ko‘pgina sohalarda ham davlatning ulushi aksariyatni tashkil qilishi sababli, bozor mexanizmlarni ishlashiga, investitsiyalar jalb qilinishiga to‘siq bo‘layotgani, davlat aktivlarining tartibsiz boshqarilishi oqibatida davlat korxonalari ayanchli ahvolga kelib qolganligi aytib o‘tildi va davlat korxonalarini isloh qilish, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish, xususiylashtirish va ularni transformatsiya qilish jarayonlarini amalga oshirish taklifi berildi. Hozirgi kunda yirik korxonalarning mutaxassislari va texnik imkoniyatlari hozirgi zamon talablariga javob bermasligi Davlat rahbari tomonidan ta’kidlab o‘tildi.
Shu o‘rinda yurtimizda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish va ularga yaqindan ko‘mak berish maqsadida bir qator takliflar, rejalar va yo‘nalishlar berildi.
Xususan, kasb-hunarga o‘rgatuvchi o‘quv kurslarini bitirib, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga kelgusi yilidan boshlab
7 mln.so‘mgacha subsidiyalar biznes uchun uskunalar sotib olish maqsadida berilishi, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 1 gektargacha yer ajratilishi rejalashtirildi. Tadbirkorlarga xom-ashyo sotib olishda teng imkoniyatlar yaratiladigan bo‘ldi. Tabiiy gaz monopoliyasi bekor qilinib, tabiiy gazning ulgurji bozori shakllantiriladi, shuningdek boshqa xom-ashyolar, chunonchi zargarlik buyumlari uchun kumushni sotishda birja bozori yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat xaridlarini elektron tarzda shakllantirilganligi oqibatida tadbirkorlar kamida 10 trln.so‘mga yaqin tovarlarni davlat xaridlari elektron platformasiga sotish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Murojaatnomada tadbirkorlik va kichik biznesni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan bir qator muhim takliflar, pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarning ishlab chiqilganligi hozirgi vaqtda ayniqsa juda ham ahamiyatli va biznes vakillari tomonidan kutilgan davlat tomonidan biznesni qo‘llab - quvvatlash uchun qilinayotgan e’tibor deb baholash mumkin. Jumladan:
- turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohasidagi imtiyozlar kelgusi 2012 yilning oxirigacha uzaytiriladi;
- 20 000 ta tadbirkor uchun yer va mol-mulk soliqlarini to‘lash muddatlari (400 mlrd.so‘mga teng) yana bir yilga uzaytiriladi;
- «oilaviy tadbirkor» dasturi uchun 6 trln.so‘m miqdorda imtiyozli kreditlar ajratiladi;
- tadbirkorlarga valyutani hozirgi vaqtdagidek 4 kun emas, yarim muddatda kun ichida sotib olish uchun imkon yaratiladi, bunda banklararo valyuta bozori onlayn platformasi yaratiladi va tadbirkor bankning o‘zidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
- xususiy, davlatning garantiyasi bo‘lmagan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni yirik va o‘rta investitsiyaviy loyihalarga jalb qilishni jadallashtirish va buning uchun huquqiy asos yaratish maqsadida kelgusi yilning fevraligacha «bank bo‘lmagan kredit tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamaga kiritiladi va kelgusida qabul qilinadi;
- islom moliyasini tatbiq qilish uchun huquqiy mezonlar yaratiladi;
- yerga nisbatan xususiy mulk huquqini joriy etish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi va yerni xususiylashtirishga oid mezon yaratiladi;
- xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash barcha darajadagi davlat organlarining asosiy vazifasi ekanligi ta’minlanadi;
-tadbirkorlar huquqlarini buzayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rish vazifasini Biznes-ombudsmaniga topshiriladi;
- tadbirkorga uning biznes hamkorining soliqqa doir qarzlari haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi;
- 105 turdagi litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi, 105 ta litsenziya va ruxsatnoma bo‘yicha tartib-qoidalar soddalashtiriladi;
- tadbirkorlikka doir 5000 yaqin normativ hujjatlar qayta ko‘rib chiqiladi, ularning soni qisqartiriladi va «Tadbirkorlik kodeksi» ishlab chiqiladi;
- tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirish bo‘yicha e’lon qilingan moratoriy yana bir yilga uzaytiriladi.
Ishonchimiz komilki, muhtaram prezidentimiz tomonidan taklif qilingan rejalar va islohotlar mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishiga, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining muhofazasi yanada mustahkamlanishiga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Ushbu murojaatda ilgari surilgan taklif va fikrlarni hayotga tatbiq etilishi albatta O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini ortishiga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning kirib kelishiga zamin yaratadi, shu bilan birga mutaxassislarning davlatimizning mazkur sohadagi qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha tegishli normativ – hujjatlarni jadal ravishda qayta ko‘rib chiqishni talab etadi.
Hamida Mamajonova, Toshkent davlat yuridik universiteti
«Biznes huquqi» kafedrasi o‘qituvchisi