Joriy yilda 472 ta kichik va mikro GES ishga tushiriladi
Prezident topshirig‘i – amalda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili fevral oyida Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi sonining o‘sishi bilan elektr energiyasi iste’moli ortib borayotganligini ta’kidlagan edi. So‘nggi besh yilda yurtimizda aholi xonadonlari, ishlab chiqarish korxonalari soni ko‘payganligi natijasida Farg‘ona vodiysi viloyatlarida elektr energiyasiga talab 40 foizga ko‘payganligini qayd etib o‘tgandi.
Davlatimiz rahbari yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, quyosh, shamoldan elektr energiyasi olishga qaratilgan loyihalarni hamda gidroelektr stansiyalarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriqlardan kelib chiqib, 2024 yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida loyiha qiymati 28 million dollarga teng 9,55 MVtli 8 ta mikro gidro elektrstansiya ishga tushirildi.
Ishga tushirilgan gidroelektrstansiyalar bugungi kunda hududlardagi minglab xonadonlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlamoqda. Jumladan, o‘tgan yilning dekabr oyida ishga tushirilgan Izboskan tumani Guliston mahallasida “Vodiy Gidro Energiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 10 million dollarga teng loyiha doirasida Katta Farg‘ona kanalida barpo etilgan quvvati 3,2 MVt bo‘lgan mikro gidroelektrstansiyaning ishga tushishi bilan 9 ming xonadonning yillik elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji qoplandi.
Viloyatda mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish, ya’ni yangi gidroelektr stansiyalar qurish, mavjud, lekin uzoq yillardan buyon ishlamay turgan mini GESlarni ishga tushirish orqali aholini elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlar reja asosida davom etmoqda.
Xususan, 2025-2026 yillarda viloyatda “O‘zbekgidroenergiya” AJ, mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan umumiy qiymati 500 million AQSH dollariga teng loyihalar doirasida jami quvvati 200 MVt bo‘lgan 763 ta kichik va mikro gidroelektr stansiya qurish, foydalanishga topshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.
Joriy yil davomida Jalaquduq, Baliqchi, Buloqboshi, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa, Marhamat, Izboskan, Paxtaobod tumanlari hamda Xonobod shahrida qiymati 70 million dollarga teng loyihalar doirasida quvvati 31,3 MVtli 14 kichik GES, qiymati 50 million dollarga teng loyihalar doirasida quvvati 23,7 MVTga 458 ta mikro GES ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Ana shu kichik va mikro GESlarning ishga tushishi bilan 220 mingta xonadonning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji qoplanadi.
Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida 2027 yilga borib gidroenergetika viloyatning elektr energiyaga bo‘lgan talabining 45 foizini, aholi iste’molining 100 foizini ta’minlaydi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.