Jonli muloqotda aholi murojaatlari tinglandi
Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha bugun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor va ommaviy qabullar aholini yillar davomida qiynab kelayotgan masalalarni aniqlash va yechimini izlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Bugun barcha davlat organlari va tashkilotlar xalq ichiga kirib borib, ularni dardini, yechimi topilmay kelayotgan muammolarni tinglamoqda. Jumladan, adliya tizimida ham bunday ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholi bilan turli sayyor va ommaviy qabullar, ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida hudud aholisi uchun onlayn muloqot o‘tkazildi. Jonli tarzda o‘tkazilgan muloqot “Yerga bo‘lgan huquqning kafolatlari” mavzusida bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslardan yer qonunchiligiga oid 30 dan ortiq murojaatlar qabul qilindi.
–Men uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan xonadonning mulkka egalik qilish bo‘yicha hujjatlari ehtiyotsizlik sabab yo‘qolgan, – deydi fuqaro H.Rahmonov. – Xonadon menga meros bo‘lib o‘tgan. Soliq to‘lovlarini o‘zim to‘layman. Kadastr bo‘limining elektron platformasida mulk mening nomimda ekanligi va buyruq ham mavjud.
Shuningdek uy joyim baholanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bor. Bunday holatda uy joyni rasmiylashtirish uchun qanday ishlarni amalga oshirishim zarur va mulk huquqini qanday e’tirof etsam bo‘ladi degan savol bilan adliya xodimlariga onlayn muloqotda savol yo‘lladim. Savolimga aniq javob oldim.
– Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi 1060-son qaroriga asosan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qotilgan taqdirda tegishli tartibda davlat arxivlaridan ma’lumot olinadi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Sh.Bahronov. – Agar arxiv saqlovida ushbu hujjatlar bo‘lmagan taqdirda ko‘chmas mulk ob’ektlariga nisbatan bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sud tartibida amalga oshiriladi.
Jonli muloqotda fuqarolardan kompensatsiya undirish tartiblari, yer uchastkasida qo‘shimcha qurilishlar qilish, noturar joyni turar joyga o‘zgartirish yo‘nalishlarida murojaatlar bo‘ldi. Ba’zi murojaatchilarga huquqiy tushuncha berilgan bo‘lsa, aksariyati belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan bunday jonli muloqotlar tizimli ravishda, barcha yo‘nalishlarda o‘tkazib kelinmoqda.
Zarif Komilov,O‘zA