Jondor obod bo‘lib, aholi farovonligi oshmoqda
Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov boshchiligidagi ishchi guruhi Jondor tumanida bo‘lib, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulaylik, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati, qolaversa, qishki mavsumga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Tumanda keyingi yillarda aholiga talab darajasida savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yangilanish va o‘sish kuzatilmoqda. Bu tumanda ikki yil burun ikki manzilda dehqon va buyum bozorlari zamonaviy andozada qurib bitkazilib, tijorat tarmog‘i sub’ektlari, tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoit yaratib berilgan. Bu boradagi tahlillarga nazar solsak, o‘tgan yil mobaynida tumanda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 140,6 milliard so‘mlik bo‘lgan 514 ta loyihaning amalga oshirilishi natijasida 657 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Hududda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalar qatorida “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida moddiy qiymati 6 milliard so‘mga teng “Market Zahratun” MCHJ tomonidan yangi tashkil etilgan zamonaviy yirik supermarketda 12 ta, “Navgadi” mahalla fuqarolar yig‘inida barpo qilingan “Jondor Eco bozor” MCHJ tomonidan yangi zamonaviy jihozlangan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bozorida 150 ta, qurilish qiymati 20 milliard so‘mga teng “Jondor savdo majmuasi” MCHJ, ya’ni yangi va zamonaviy uslubda qurib jihozlangan nooziq-ovqat mahsulotlari va buyum bozorida 170 ta, mahalliy xususiy tadbirkor tomonidan “Navgadi” mahalla fuqarolar yig‘inida ro‘yobga chiqarilgan “Yashar Medline shifo” MCHJ biznes loyihasi tomonidan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiy diagnostika faoliyatini amalga oshirish orqali 8 ta yangi ish o‘rni yaratilgani o‘nlab oilalar moddiy manfaatdorligi uchun xizmat qilmoqda.

Shuningdek, bundan ikki yil burun aynan “Navgadi” mahalla fuqarolar yig‘inida, “Yakkatut-Jondor” avtomobil yo‘li yoqasida yangi “Jondor dehqon bozori” ham talab darajasida bunyod etilgan. Bozor qurilishining loyiha qiymati 12 milliard 350 million so‘mni tashkil etadi. Mazkur loyiha Milliy bankning viloyat filiali tomonidan 2 milliard so‘m kredit mablag‘i bilan qo‘llab-quvvatlangan. Maydoni 2,5 gektar bo‘lgan mazkur bozor qurilishi Nodir Murodov rahbarligidagi “Jondor Eco bozor” mas’uliyati cheklangan jamiyati binokorlari tomonidan qurib bitkazilgan.

Yangi bozor kompleksida ikki qavatli yopiq savdo majmuasi, jami 440 ta savdo rastasiga ega 3 ta yozgi pavilon, bir necha turdagi non va non mahsulotlari, sut, go‘sht mahsulotlari uchun alohida pavilonlar bilan birga, don va dukkakli mahsulotlar savdosi uchun alohida rastalar shay qilingan. Ayni kunda tadbirkorlar barcha sharoitga ega bo‘lgan ushbu yangi bozorda savdo o‘rni ham kengaymoqda. Qolaversa, bozorga qatnaydian aholiga qulaylik yaratish maqsadida savdo majmuasi yonidan avtoturargoh, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, “Xalq banki” filiali, dorixona va boshqa qulayliklar yaratilayotgani ham maqsadga muvofiq. Tuman markazi bilan uzviy transport xizmati orqali bog‘lanadigan bozorda qurilish, xo‘jalik mollari bilan savdo qiluvchi savdo do‘konlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ishchi guruhi “Jondor Eco bozor”ining ayni kundagi faoliyatini o‘rgandi.
Ishchi guruhi “Darveshi” mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘ldi.
Darveshi mahallasida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha namunali ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, davlatimiz ko‘magi bilan o‘tgan yilda mahallada 1,7 gektar yer maydonida 41 ta oilaga ixcham issiqxona qurib berilgan. Joriy yil yakuniga qadar 5,5 gektar yer maydonida 144 ta xuddi shunday issiqxona qurilishi davom ettirilmoqda. Shuningdek, o‘tgan yilda 60 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun 6 gektar yer ajratib berilgan bo‘lsa, bu yil ajratilgan yer maydoni 12 gektarni tashkil etmoqda.

Darveshiliklarning asosiy daromadi dehqonchilikdan. Shu bois odamlarning yerga mehri boshqacha. Ammo hududda suv tanqisligi bu borada yerdan barakali hosil yetishtirishda katta tashvish tug‘dirayotgani ham bor gap. Bu masalani hal qilish maqsadida qator choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, bultur mahallaga bir dona artezian qudug‘i qazilgani tomorqachilar mushkulini oson qildi. Aholi murojaatlaridan so‘ng bu yil yana 3 ta shunday artezian qudug‘i o‘rnatib berilmoqda. Bundan tashqari, odamlarga imtiyozli kreditlar berilyapti. Xullas, ishlayman, mehnat qilaman degan odamga bugun barcha shart-sharoit bor. Shu mahallada yashovchi namunali tomorqachilardan biri Sadriddin Sayfiyevni olsak, mirishkorligi, chog‘roqqina tomorqasidan har yili barakali hosil yetishtirib kelayotgani bois, u “Mehnatkash dehqon” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan, ro‘zg‘ori but.
Darveshilik Baxshullo Rahmonov oilasi ham har ishda namunali xonadonlardan biri. U turmush o‘rtog‘i va to‘rt nafar farzandi bilan birgalikda hovlisidagi 10 sotixli tomorqa yerida issiqxona barpo qilib, ko‘p yildirki, bu yerdan yiliga uch marta hosil olish tajribasini puxta o‘zlashtirgan. Chunonchi, fevral oyidan yerga kartoshka, pomidor ekilsa, yoz fasliga kelib bodring, loviya, karam yetishtirishi, kech kuzgi mavsumda esa “to‘qsonbosti” usulida sarimsoqpiyoz, sholg‘om lavlagi yoki ko‘katlar ekib yetishtirishi mumkin. Mirishkor oilaning joriy dehqonchilik yilida issiqxonadan qo‘lga kiritayotgan daromadi ham 100 million so‘mdan kam emas.
Umuman, qishloqdagi o‘rganishlar jarayonida aynan Baxshullo Rahmonov, Sadriddin Sayfiyev singari mirishkor xonadonlar safini kengaytirish, qolaversa, obodonlashtirish, “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasidagi xayrli ishlarni jonlantirish, aholi xonadonlarida issiqxonalarni ko‘paytirish, yo‘l bo‘ylari va tomorqalarda mevali-manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish, tomorqalarda plyonka ostida “to‘qsonbosti” usulidagi mahsulotlarni ekib yetishtirish lozimligi yuzasidan mas’ullarga zarur tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri