Jon Li: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim strategik hamkorlarimizdan biri
Jahon iqtisodiyotida yangi transport yo‘laklari, moliyaviy markazlar va mintaqaviy hamkorlik formatlari tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi sharoitda Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqaro biznes hamjamiyati diqqat markaziga aylanmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitining yaxshilanishi va tashqi siyosatdagi ochiqlik siyosati O‘zbekistonning xalqaro sheriklar uchun jozibadorligini sezilarli darajada oshirmoqda.
Gonkong maxsus ma’muriy hududi rahbari Jon Lining Markaziy Osiyoga tashrifi doirasida O‘zbekiston haqida bildirgan fikrlari ham mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
– Avvalo, O‘zbekiston hukumatiga bizga ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik va tashrif dasturining yuksak darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildiraman. Shuningdek, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi jamoasiga ham qo‘llab-quvvatlagani uchun alohida rahmat aytaman.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda aholi soni bo‘yicha eng yirik davlat bo‘lib, mintaqaning eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 5 foizdan yuqori darajada saqlanib kelmoqda. Bu esa O‘zbekistonni Gonkong uchun Markaziy Osiyo bozoriga chiqishda muhim hamkorga aylantirmoqda.
Tashrifimizning ilk kunida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdik. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, har ikki tomon fuqarolari 30 kungacha vizasiz sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozirda ushbu kelishuvni tez fursatlarda amalga oshirish bo‘yicha zarur choralar ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Bosh vazir Abdulla Aripov, Prezident maslahatchisi Shuxrat Vafoyev va Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan ham muzokaralar o‘tkazdik. Ularda moliya, savdo, aviatsiya va boshqa qator sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishildi.
Biz O‘zbekiston ishbilarmon doiralari bilan ham faol muloqot o‘rnatmoqdamiz. Gonkong Savdoni rivojlantirish kengashi va Savdo-sanoat palatasi ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forum mamlakatlarimiz o‘rtasida yangi investitsiya va savdo loyihalari uchun muhim maydon bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston IT Park faoliyati bilan ham tanishdik. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashuv ham innovatsiyalar sohasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga xizmat qildi.
Jon Lining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo safari uchta asosiy maqsadni ko‘zlagan: yangi bozorlarni o‘zlashtirish, hukumatlararo aloqani mustahkamlash hamda “xabdan-xabga” hamkorlik modelini shakllantirish.
Uning ma’lum qilishicha, 70 dan ortiq Gonkong va Xitoy kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurgan va 20 dan ziyod tadbirda ishtirok etgan.
– Tashrif davomida Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan jami 96 ta hamkorlik memorandumi va anglashuv hujjati imzolandi. Ulardan moliyaviy qiymati aniq belgilangan loyihalarning umumiy hajmi 1,65 milliard AQSH dollaridan oshadi.
O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida muhim qarorlardan yana biri mamlakatning Gonkongda Bosh konsulxona ochish rejasi bo‘lgani qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar ikki tomonlama soliq solishning oldini olish, investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha muzokarani boshlashga kelishib olgan. Bojxona sohasida esa vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish mexanizmini joriy etish rejalashtirilyapti.
Gonkong Savdoni rivojlantirish kengashi raisi Piter Lam ham tashrif yakunlarini yuqori baholadi.
– Bosh ijrochi rahbarning mazkur tashabbusi tufayli ko‘plab yangi biznes imkoniyatlari ochildi. Qozog‘iston va O‘zbekistonda yirik loyihalar bo‘yicha amaliy muzokaralar boshlandi. Masalan, ayrim kompaniyalar O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish zavodlarini qurish hamda mahalliy xomashyo asosida an’anaviy Xitoy tibbiyoti mahsulotlarini tayyorlash loyihalarini muhokama qilmoqda.
Dilshod Hakimov,
Sarvar O‘rmonov (surat),
O‘zA[photobank-[gallery-29792]]