“Jomeʼ” meʼmoriy majmuasini bilasizmi?
Andijon shahrining Eski shahar hududida “Jomeʼ” meʼmoriy majmuasi joylashgan. Majmua Andijon tarixining koʻzgusi hisoblanadi.
Andijon shahrining Eski shahar hududida “Jomeʼ” meʼmoriy majmuasi joylashgan. Majmua Andijon tarixining koʻzgusi hisoblanadi.
Jomeʼ meʼmoriy majmuasi XIX asr oxirida oʻz davrining nufuzli kishilaridan boʻlgan Muhammadaliboy tomonidan taniqli meʼmor, usta Isaxon Muhammad Muso oʻgʻli loyihasi bilan Fargʻona vodiysi meʼmorchilik maktabi milliy anʼanalari asosida bunyod etilgan.
Umumiy maydoni 2 gektardan ziyod majmua toʻrtburchak shaklda qurilgan boʻlib, toʻrtta burchagida gumbaz, gʻarbiy tomonida xonaqox, minora va 50 ta xonadan iborat.
Majmua avval diniy taʼlim dargohi keyinchalik, bozor, urush yillarida esa aholi turar joyi boʻlgan boʻlsa, soʻng undan omborxona sifatida foydalanilgan.
Ilk bora 1990-1993-yillarda toʻliq taʼmirlangan majmua 1989-1995-yillarda diniy oʻquv madrasa, 1995-2016-yillarda Adabiyot va sanʼat muzeyi sifatida faoliyat koʻrsatgan.
Majmua 2018-yilda milliy va zamonaviy uslubda toʻliq taʼmirlanib, butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Hozirda majmuaning oldi qismida keng maydon, favvora barpo etilgan. Bu yerda viloyat amaliy sanʼat va badiiy hunarmandchilik markazi tashkil etilgan boʻlib, milliy koʻrinishdagi suvenirlar, sovgʻalar tayyorlanadigan, sotiladigan 50 dan ortiq doʻkonlar qad rostlagan. Xalqimizning milliy urf-odat, qadriyatlarini oʻzida ifoda etgan ushbu majmuadan oʻrin olgan har bir bino oʻziga xosligi bilan ajralib turadi, viloyat tarixining maʼlum bir davrini aks ettiradi.
Yurtdoshlarimiz va xorijdan tashrif buyuradigan sayyohlar uchun ziyorat qiladigan maskanlardan biriga aylangan majmua madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olingan.