Jizzaxliklar ham saylovda faol qatnashmoqda
Jizzax viloyatidagi 524 saylov uchastkasida ham Prezident saylovi bir vaqtda – ertalab soat 8:00 da, O‘zbekiston Davlat madhiyasi yangrashi bilan boshlandi.
– 4-Jizzax okrugida ro‘yxatga olingan 792 ming 323 nafar saylovchilarning 376 ming 786 nafarini erkaklar, 412 mingdan ortig‘ini ayollar tashkil etib, bugungi Prezident saylovi kuni asosli sabablarga ko‘ra yashash manzilida bo‘la olmaydigan 11 ming 672 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz bergan, – deydi 4-Jizzax okrugi komissiyasi raisi Shavkat Sharipov. – 18-30 yoshdagi 260 ming 362 nafar yoshlarimizning 20 mingdan ortig‘i Prezident saylovida birinchi marotaba ishtirok etmoqda.
Shuningdek, 70 yoshdan yuqori bo‘lgan 22 ming 914 nafar ovoz beruvchi fuqarolarimiz ham ro‘yxatga olinganini alohida ta’kidlash joiz. Barcha saylov uchastkalarida fuqarolarning emin-erkin, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berishlari uchun sharoitlar yaratilgan.
[gallery-12658]
Jizzaxda xalqaro, xorijiy va ichki kuzatuvchilar, siyosiy partiyalar hamda mutasaddi idoralar va ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiyadan o‘tgan vakillari, qishloq va mahalla faollari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun har bir saylov uchastkasida saylovlarning shaffof va adolatli tarzda o‘tishini qat’iy nazorat qilib turibdi.
Prezident saylovlarida jizzaxlik saylovchilar faol ishtirok etmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA