“Jizzaxdonmahsulotlari” mavsumga shay
Natijada karantin davrida aholining un mahsulotiga boʻlgan talabi qondirilishi bilan birga, byudjet tushumlari ham taʼminlandi.
Karantin davrida “Oʻzbekdonmahsulotlari” aksionerlik jamiyatiga qarashli Jizzax viloyatidagi korxonalarda xavfsiz mehnat sharoiti yaratilgan holda ish jarayonining toʻxtab qolmasligiga erishildi. Natijada karantin davrida aholining un mahsulotiga boʻlgan talabi qondirilishi bilan birga, byudjet tushumlari ham taʼminlandi.
Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmoni asosida Jizzax viloyati hokimligi, davlat soliq boshqarmasi, sogʻliqni saqlash va boshqa tegishli idoralarning koʻrsatgan amaliy yordami tufayli viloyatdagi bir qator yirik korxonalarda ish butunlay toʻxtab qolmasligiga erishildi. Shulardan biri “Jizzaxdonmahsulotlari” korxonasidir.
“Jizzaxdonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatida karantin davrida ishlab chiqarish surʼatlari pasaymadi. Korxonada 280 nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Ularning mehnati bilan kuniga 50 tonna un mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Arzon narxdagi bu un aholisi soni inobatga olingan holda teng taqsimot qilinib hududlarga yetkazib berilayapti.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 15-apreldagi qaroriga asosan karantin davrida aholiga un mahsulotlari yetkazib berish tartibi oʻzgardi. Endilikda tadbirkorlik subyektlari mahsulotni birja savdolari orqali emas, balki donni qayta ishlash korxonalaridan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotib olib, aholiga yetkazib bermoqda. Un narxining oshib ketmasligi prokuratura qoshidagi departament va soliq xizmati xodimlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Korxonada un ishlab chiqarish surʼatini susaytirilmagan holda joriy yilgi yangi hosilni qabul qilishga tayyorgarlik ishlari ham olib borilmoqda. Hozirgacha yangi hosil gʻallasini qabul qilish boʻyicha Zafarobod, Forish, Paxtakor, Gʻallaorol, Baxmal, Sharof Rashidov tumanlaridagi jami 1 ming 944 ta fermer xoʻjaligi bilan shartnomalar imzolanib, omborlar mavsumga shay holga keltirildi.
“Jizzaxdonmahsulotlari” korxonasida 2020-yil mavsumida 134 ming 947 tonna gʻalla qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 10 foiz koʻp mahsulotdir.