Jizzaxda yil yakunigacha sarmoyalar hajmi 2,7 milliard dollarga yetkaziladi
Jizzax viloyatida joriy yil yakuniga qadar investitsiyalar hajmini 2,7 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar o‘sishni anglatadi. Viloyatda 9 oy davomida 1,3 milliard dollarlik xorijiy sarmoya o‘zlashtirildi.
Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmati tomonidan “BMB Holding” kompaniyasi konferensiya zalida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Bahrom Yusupov 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlar va oldinda turgan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Raqamlar e’tiborni tortadi: hisobot davrida qariyb 1,3 milliard dollarlik xorijiy sarmoya o‘zlashtirildi. Bu rejadagi ko‘rsatkichdan 40 foiz yuqori. Biroq yillik marra hali oldinda – investitsiyalar hajmini 2,7 milliard dollarga yetkazish, eksportni 306 million dollarga chiqarish va ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish zarur.
Viloyat hokimi o‘rinbosari joriy yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan natijalarga to‘xtalib: «Joriy yilda investitsiyalar hajmini 2,7 milliard dollarga yetkazib, o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar o‘sishga erishishni maqsad qilganmiz», deya ta’kidladi.
Bu vazifalarning zamirida yangi korxonalar, zamonaviy texnologiyalar va aholi bandligini ta’minlash masalasi turibdi. Keyingi yillarda Jizzaxda avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik va qurilish materiallari sanoatining rivojlanishi viloyat iqtisodiyoti tarkibini o‘zgartirmoqda. «BYD», «KIA», «CHERY» va «HAVAL» kabi xalqaro brendlar bilan bog‘liq loyihalar esa hududning sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Jumladan, Jizzax shahrida avtomobillar uchun elektr kabellari va plastik detallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Sharof Rashidov tumanida LED lampalar ishlab chiqarish korxonasi 150 ta ish o‘rni yaratdi. Zominda «ARTEL ELECTRONICS ZOMIN» loyihasining ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi natijasida esa yana 1 500 nafar kishining bandligi ta’minlandi. Do‘stlik tumanidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ham 750 ta yangi ish o‘rnini yuzaga keltirdi.
Viloyatdagi iqtisodiy faollik faqat sanoat bilan cheklanmaydi. 2026-yilda umumiy qiymati 14 trillion so‘mlik 423 ta hududiy loyihani ishga tushirish va 8 894 nafar kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Yanvar-sentabr oylarida esa 5,4 trillion so‘mlik 319 ta loyiha amalga oshirilib, 5 739 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Arnasoy tumanidagi Aydar-Arnasoy ko‘llari sohilida barpo etilgan turizm majmuasi ishlab chiqarishdan tashqari xizmat ko‘rsatish sohasida ham yangi imkoniyatlar ochilayotganini ko‘rsatadi. Qiymati 330 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida 204 nafar kishi ish bilan ta’minlandi.
[gallery-32163]
“Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan loyihalarni ishga tushirish, yangi sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda”, deya qayd etdi viloyat hokimining o‘rinbosari.
Iqtisodiy o‘sishning yana bir muhim mezoni – eksport. Viloyatda to‘qqiz oyda 179,7 million dollarlik mahsulot tashqi bozorlarga yetkazib berildi. Natijada reja 109 foizga bajarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foiz o‘sish qayd etildi. Shundan sanoat mahsulotlari eksporti 163,1 million, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti esa 16,6 million dollarni tashkil qildi.
Yil oxirigacha yana 126 million dollarlik eksportni ta’minlash talab etiladi. Buning uchun to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlar mahsulotlarini xorijiy bozorlarga chiqarish ko‘lami kengaytiriladi. Ayniqsa, joriy yilda 30 ming gektar maydonda yetishtirilgan mosh hosilidan 40 ming tonna mahsulot olindi. Uning 60 foizini eksportga yo‘naltirish orqali 25 million dollarlik valyuta tushumiga erishilishi kutilmoqda.
Bahrom Yusupov o‘z ma’ruzasida “Eksport bo‘yicha belgilangan marralarga erishish uchun korxonalar bilan manzilli ishlash, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashimiz lozim”, deya ta’kidladi.
Xalqaro hamkorlik ham yangi loyihalar uchun muhim manba bo‘lmoqda. Xalqaro investitsiya forumi doirasida bir qator davlatlar investorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, umumiy qiymati 500 million dollarlik loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Yil yakuniga qadar investitsiya dasturlari doirasida yana 417 ta loyihani ishga tushirish va 8 392 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida mahalliylashtirish masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Dastur doirasida 74 ta loyiha orqali 666 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish zanjiridagi ishtirokini kengaytirish va tashqi bozorlarga qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Demak, Jizzax oldidagi vazifa faqat investitsiya jalb qilish yoki yangi korxonalar ochishdan iborat emas. Muhimi, har bir loyiha ishlab chiqarish hajmi, barqaror ish o‘rni va bozorbop mahsulot bilan iqtisodiyotga hissa qo‘shishi kerak. Matbuot anjumanida belgilangan marralarning amaliy natijasi ham aynan shu mezonlar bilan baholanadi.
Abdujalol Qayumov, Jamshid Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari