Jizzaxda yemagan somsaga pul to‘lanadimi?
Do‘stingizni to‘yiga belgilangan vaqtdan ancha ertaroq borib qoldingiz. To‘yxona yonida qo‘yilgan stol-stullarning biriga o‘tirib bir choynak choyni simirib, vaqt o‘tkazmoqchi bo‘ldingiz. Ikki piyola choyni ichar-ichmasingizdan dastyor yigit stolingizga bir emas, ikki emas, 4 dona “Jizzax somsa”ni olib kelib qo‘ydi. Siz unga yanglishganini, hech nima buyurtma qilmaganingizni aytdingiz.
Shunda u somsa yopiladigan tandirdan ikkita keladigan baquvvat amakiga ishora qilib “Somsapaz aka aytdilar, xohlang yeng, xohlang o‘zingiz bilan olib keting, xohlang tashlab keting, lekin pulini kassaga to‘lab qo‘yar ekansiz, donasi 36 ming so‘mdan, choy bepul!” dedi.
Xo‘sh, siz bu holatda nima qilgan bo‘lardingiz?!.
Sharof Rashidov tumanida faoliyat yuritayotgan “Fazodagi oqqushlar” fermer xo‘jaligi rahbari Kamtarbek Sotiboldiyev (maqoladagi geografik atamalar va personajlarning nomlari o‘zgartirildi) bilan ham shunga o‘xshash holat yuz berdi. Aniqrog‘i, fermer xo‘jaligiga elektr energiyasi yetkazib beruvchi transformator portlab, allaqachon elektr bermayotgan bo‘lsada, “otni kallasidek” qarzdorlik chiqarilib, fermer umuman iste’mol qilmagan, yuqoridagi kabi mijoz buyurtma qilmagan va yemagan somsasiga pul to‘lashdan bosh tortganidek, elektr energiyasi uchun pul to‘lamaganligi uchun tuman elektr ta’minoti korxonasi umuman bo‘lmagan qarzini to‘lamaganligi sabab sudga bergan.
Ushbu adolatsizlikdan norozi bo‘lgan “Fazodagi oqqushlar” fermer xo‘jaligi rahbari Kamtarbek Sotiboldiyev, Sharof Rashidov tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining ushbu harakatidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga ariza bilan murojaat qiladi.
Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlanishicha, 2019 yil avgust oyida “Sayxan” podstansiyasi transformatorida portlash yuz berganligi sababli fermer xo‘jaligiga elektr energiyasini yetkazib berish, aynan shu sanadan boshlab to‘xtatilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 18-bandiga ko‘ra, elektr energiyasi bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarilishi va iste’mol qilinishi bilan tavsiflanadigan alohida tovar turi sifatida, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va energiya qurilmalari shu tashkilot tarmog‘iga bevosita ulangan iste’molchi o‘rtasida tuzilgan elektr ta’minoti shartnomasi asosida mazkur qoidalarga muvofiq yetkazib berilishi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, 2020-2021 yillar va joriy yilda fermer xo‘jaligi hamda Sharof Rashidov tuman elektr ta’minoti korxonasi o‘rtasida elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilmagan va elektr energiyasi uzatilmagan bo‘lsada, fermer xo‘jaligining abonent kartasiga elektr ta’minoti korxonasi mutasaddilari 79 million 231 ming 414 so‘m asossiz qarzdorlikni kiritib, fermer xo‘jaligidan uni to‘lash talab qilingan.
Qarzdorlik to‘lanmagach, “Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati fermer xo‘jaligidan qarzdorlikni undirish bo‘yicha Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritgan.
Tadbirkorning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilgan Biznes-ombudsman devoni xodimlari sudga, talabning asossizligini ishonchli dalillar bilan isbotlab bergan va 2022 yil 14 oktyabrda da’vo arizasi qanoatlantirishdan rad etilgan.
Shu bilan birga, Biznes-ombudsman tomonidan Sharof Rashidov tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining harakatida aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va asossiz qarzdorlikni hisobdan chiqarish haqida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnomaga muvofiq, fermer xo‘jaligi zimmasiga yuklangan 79 million 231 ming 414 so‘m noreal qarzdorlik chiqarilib, Sharof Rashidov tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining intizomiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi va qonun doirasida jazoga tortildi.
Xulosa qilib aytganda, Jizzaxda hech kim yemagan somsasi va foydalanilmagan elektr energiyasi uchun pul to‘lamaydi.
Asil ERGASHEV,
Biznes-ombudsman devonining
Jizzax viloyat sho‘’basi yetakchi inspektori
O‘zA