Jizzaxda yangi maktab foydalanishga topshirildi
Jizzax shahrining Ulug‘bek mahallasidagi 18-umumta’lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
1910 yilda qurilib, o‘z davrining muhtasham inshootlaridan bo‘lgan maktab binosi oxirgi marta 1970 yilda mukammal ta’mirlangan ekan. Shaharning markaziy qismida keyingi yillarda aholi sonining oshishi tufayli 480 o‘rinli mussasada 925 nafar o‘quvchi ta’lim olishi jiddiy qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.
Maktabning besh qavatli yangi binosi davlat-xususiy sherikchilik asosida qurildi. Yangi inshootni qurish uchun jami 15 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Loyiha quvvati 640 o‘rinli o‘zbek va rus tillarida ta’lim beriladigan maktab binosida 35 ta o‘quv xonasi, 2 ta matematika, 8 ta xorijiy tillar, 2 ta axborot texnologiyalari va 1 tadan kimyo, biologiya, fizika xonasi bor. Bundan tashqari 1 tadan kimyo, fizika, biologiya laboratoriyalari xonasi, o‘quvchilar individual ishlashi uchun 5ta xona mavjud.
180 o‘rinli faollar zali, 1 ta sport zali, 3 ta ochiq sport maydoni, 120 o‘rinli zamonaviy kutubxona va ARM, 120 o‘rinli oshxona, tibbiyot, ma’naviyat, yoshlar yetakchisi, psixolog va logoped-defektolog, o‘qituvchilar xonalari to‘liq jihozlanib faoliyat ko‘rsatayotir. Maktabda sanitar-gigiyenik, yuvinish xonalari belgilangan talablarga mos jihozlanib, issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan.
Maktab yangi binosining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, ota-onalar, shahar jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Marosimda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan katta islohotlar jarayonida, umumta’lim maktablari uchun yangi zamonaviy binolar qurilishiga katta e’tibor qaratilayotgani tufayli sohadagi ko‘p yillik muammolar hal etilayotgani ta’kidlandi.
– Darslar to‘liq ikki smenada o‘tib kelingan maktabimizda laboratoriya, to‘garak mashg‘ulotlari, darsdan tashqari ta’lim tadbirlari o‘tkazish uchun umuman imkoniyat topolmasdik, – deydi maktab direktori Nigora Asqarova. – Yangi zamonaviy bino qurilishi bilan ta’lim-tarbiyani bugungi zamon talablari darajasiga ko‘tarish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bu xayrli ishda tashabbuskor bo‘lib inshootni davlat sherikchilik asosida tez va sifatli bitkazib bergan tadbirkorlardan maktabimiz jamoasi, ota-onalar behad mamnunmiz.
Viloyat ta’lim tizimini rivojlantirishda maktablar moddiy bazasini mustahkamlash manzilli dasturi izchil amalga oshirilmoqda. 2020 yilda viloyatda 2 ta maktabga yangi bino qurish, 22 ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlariga jami 54 milliard so‘m mablag‘ sarflangan edi. Davlat investitsiya dasturi doirasida 2021 yilda 13 ta ta’lim muassasasida 127 milliard so‘mlikdan ziyod yangi binolar qurilishi va mukammal ta’mirlash ishlari bajarilishi mo‘ljallangan.
T.Beknazarov, J.Yorbekov(surat), O‘zA