Jizzaxda xorijiy sarmoyalar salmog‘i ortmoqda
Jizzax bugun sarmoya va tashabbus tutashgan, ishlab chiqarish imkoniyatlari tobora kengayib borayotgan hududlardan biriga aylanmoqda. Xorijiy investorlar ishtirokida yangi korxonalarning tashkil etilishi esa viloyat iqtisodiyotiga yangi sur’at, zamonaviy texnologiyalarga esa kengroq yo‘l ochmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatiga Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 283 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston miqyosida bunday korxonalar soni 20 ming 973 tani tashkil etgan.
Bir qarashda oddiy raqamdek ko‘rinadigan 283 ta korxona zamirida esa muayyan iqtisodiy jarayon mujassam. Chunki xorijiy sarmoya kirib kelgan har bir loyiha ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va mahsulot turlarini ko‘paytirish uchun yangi imkoniyat demakdir.
Bugun xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar mamlakat iqtisodiyotining savdo, sanoat, qurilish, axborot va aloqa, xizmat ko‘rsatish kabi turli tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda. Jizzaxda ham bu jarayon hududning mavjud salohiyatini ishga solish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportbop mahsulotlar turini kengaytirish bilan uyg‘un kechmoqda.

Bu borada davlat siyosatida belgilangan maqsadlar ham aniq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida 2026-yilda iqtisodiyotga 50,4 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish vazifasi belgilangan. Hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ana shu keng ko‘lamli vazifalarning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Jizzaxdagi 283 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona ham bu jarayonning muhim bo‘g‘inidir. Eng muhimi, sarmoyaning hududga kirib kelishi bilan ish bitmaydi. Uning samarasi yangi quvvatlar, zamonaviy texnologiyalar, raqobatbardosh mahsulotlar, eksport hajmi va aholi uchun munosib mehnat imkoniyatlarida ko‘rinishi kerak.
Shu nuqtai nazardan, viloyatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, sarmoyadorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Zero, bugun kiritilgan samarali sarmoya ertangi iqtisodiy o‘sishning poydevori, yangi ish o‘rinlarining manbai va hudud taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchidir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri