Jizzaxda xavfsiz harakat — farovon hayot sari
So‘nggi yillarda Jizzax viloyatida aholi xavfsizligi va piyodalar uchun qulay muhit yaratish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Ayniqsa, shahar infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, Jizzax shahri hududida piyodalar uchun mo‘ljallangan yerosti o‘tish yo‘llari soni 5 taga yetdi. Quvonarlisi, ushbu loyiha 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ham yangi sur’at bilan davom ettiriladi. Zero, mahalla farovonligi — jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.

Jizzax shahrida transport harakati eng gavjum bo‘lgan hududlardan biri — Zargarlik, Qassoblik, Sayiljoyi va Jizzaxlik mahallalari tutashgan nuqtada yangi yerosti piyodalar o‘tish yo‘li barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha piyodalar xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda shaharning zamonaviy qiyofasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

– Jizzax shahridagi Sharof Rashidov va Buyuk Turon ko‘chalari kesishmasida piyodalar uchun yerosti o‘tish yo‘li qurish loyihasini boshladik, — deydi Jizzax viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Husniddin Suvonov. – Bu hududda bir sutkada o‘rtacha 50–60 mingta avtotransport vositasi va 10–15 ming nafar piyoda harakatlanadi. Loyiha piyodalar xavfsizligini ta’minlash hamda transport oqimini yengillashtirishga qaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, yerosti o‘tish yo‘li to‘rt tomonlama kirish-chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib, “shaxmat” tarzida loyihalangan. U orqali Sayiljoyi mahallasidan Zargarlik, Qassoblik va Jizzaxlik mahallalariga, shuningdek, boshqa yo‘nalishlarda ham erkin harakatlanish mumkin bo‘ladi. Umumiy uzunligi 300 pogonametrni tashkil etadi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2025 yilda viloyatga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida yirik yo‘l qurilishi loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, tranzit avtotransport vositalarining Jizzax shahriga kirmasdan aylanma yo‘l orqali harakatlanishini ta’minlash maqsadida 22 kilometrlik yangi yo‘l loyihasi ishlab chiqilgan. Ayni paytda mazkur yo‘nalishda 700 metr yo‘l qurilishi yakunlangan.
Bugun Jizzax shahri va tumanlarida xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llar, shuningdek, ichki ko‘chalarni zamon talablari darajasiga keltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy yo‘llarda o‘tkazgichlar, yerosti o‘tish yo‘llari va ko‘priklar barpo etilayotgani xalqimiz hayotida real qulaylik yaratmoqda.
Xulosa qilib aytganda, barcha bu ishlar inson qadrini ulug‘lashga, aholining xavfsiz va farovon hayotini ta’minlashga qaratilgan. Jizzaxliklar bugun amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan quvonib, ertangi kunga ishonch bilan qadam qo‘ymoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA