Jizzaxda urush faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi
Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashlarda jang maydonlarida va front ortida beqiyos jasorat va matonat ko‘rsatgan, o‘z Vatanini himoya qilishda jonbozlik ko‘rsatib, xalq orzu qilgan erkinlik uchun kurashgan milliy qahramonlarni yodga olish ham farz, ham qarzdir.
Davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi va esdalik sovg‘alarini topshirish uchun Jizzax viloyat prokurori Islomjon Ergashxo‘jayev boshchiligida, tuman mudofaa bo‘limi, sektor rahbarlari, «Yoshlar ittifoqi» faollari va keng jamoatchilik vakillari Zomin tumani, «Shirin» q.f.y., Qizilsoy qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Bosimbek ota Begbutayevning xonadoniga tashrif buyurishdi.
Bosimbek Begbutayev 1942-1943 yillarda Sovet Armiyasi safida xizmat qilib, janglarda ko‘rsatgan jasoratlari uchun II-darajali «Vatan urushi» ordeni bilan taqdirlangan, shu bilan birga O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Jasorat» medali bilan mukofotlangan.
Tantanali o‘tgan tadbirda viloyat prokurori I.Ergashxo‘jayev tomonidan Prezidentimizning tabrigi o‘qib eshittirildi va esdalik sovg‘asi hamda 12 mln. so‘m miqdoridagi pul urush faxriysiga topshirildi.

Shuningdek, 1922 yil 15 iyunda Jizzax viloyati Zomin tumanida tug‘ilgan, 1941-1946 yillarda Sovet Armiyasi safida xizmat qilgan Pirnazar ota Ahmedovning ham xonadoniga tashrif buyurildi.
Pirnazar Ahmedov urush yillarida Ukraina, Polsha, Chexoslovakiya, Germaniya davlatlarini fashist bosqinchilaridan ozod qilish janglarida ishtirok etib, 1942 va 1943 yillarda ikki marta jarohatlangan.
Janglarda ko‘rsatgan jasoratlari uchun II-darajali «Vatan urushi» ordeni, hamda bir qator medali bilan taqdirlangan. Shu bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Jasorat» medali bilan mukofotlangan.
Tantanali o‘tgan tadbirda viloyat prokurori I.Ergashxo‘jayev tomonidan Prezidentimizning tabrigi o‘qib eshittirildi va esdalik sovg‘asi hamda 12 mln. so‘m pul urush faxriysiga topshirildi.
Bundan tashqari, urush faxriylariga viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi va tuman mudofaa va harbiy qism vakillari ham o‘zlarining qimmatbaho sovg‘alarini topshirishdi.
O‘zA