Jizzaxda moliyaviy savodxonlar saralandi
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yosh avlodning iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Bu borada “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur bellashuv o‘quvchilarda shaxsiy moliyani to‘g‘ri boshqarish, byudjetni rejalashtirish, soliq va bank tizimiga oid bilimlarni mustahkamlash, moliyaviy xavf-xatarlarni anglash va baholash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan mazkur olimpiada respublika bo‘ylab ko‘p bosqichli tizim asosida o‘tkazilmoqda. Saralash jarayonlari maktab, tuman (shahar) va viloyat bosqichlari orqali amalga oshirilib, eng munosib ishtirokchilar respublika finaliga yo‘llanma oladi.
Jizzax viloyatida olimpiadaning viloyat bosqichi Jizzax shahridagi 3-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda o‘tkazildi. Unda hududlarda saralangan 36 nafar 8–10-sinf o‘quvchilari ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatini namoyon etdi.
Bellashuv jarayonida ishtirokchilarga moliyaviy bilimlar, mantiqiy fikrlash va tahlil qobiliyatini sinovdan o‘tkazuvchi 30 ta test savoli taqdim etildi. Ularni bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratildi.
[gallery-28780]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Jizzax shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Samariddin Husanov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Baxmal tumani ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi Botir Eshboyev ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Jizzax shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Javlon Orifjonovga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi. Shu bilan birga, ular respublika final bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, bunday tanlov va olimpiadalar yoshlarning iqtisodiy tafakkurini shakllantirish, ularni moliyaviy jihatdan ongli va mas’uliyatli qarorlar qabul qilishga o‘rgatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, moliyaviy savodxonlik — zamonaviy jamiyatda barqaror taraqqiyot va farovon hayotning mustahkam poydevoridir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA