Jizzaxda gazeta kunlari o‘tkazildi
Jizzaxda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalari tahririyati xodimlarining kasaba uyushmalari faollari va gazetxonlar bilan ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Jizzax viloyat kengashida tashkil etilgan ijodiy uchrashuv davomida tadbir ishtirokchilari “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Har qanday ommaviy axborot vositalariga, jumladan, gazetalarga ham haqqoniy bahoni ularning o‘quvchilari beradi.
Shu nuqtai nazardan vaqtli matbuot nashrlariga obuna mavsumi oldidan tahririyatlar ijodiy jamoalarining joylarda o‘tkazayotgan uchrashuvlari o‘z obunachilari oldidagi hisoboti bo‘lmoqda, deyish mumkin.
[gallery-19613]
Bugun axborot texnologiyalari rivojlanib, bosma nashrlarga kuchli raqobatchi – internet nashrlari dunyoga keldi. Muloqotda “Global axborot makonida kechayotgan raqobat kurashida gazetalar o‘z o‘rnini saqlab qolishi uchun qanday shakl va mazmunga ega bo‘lishi kerak?” degan savol atrofida fikr-mulohazalar bildirildi.
“Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, tahririyatda va gazeta sahifalarida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, ijodiy izlanishlar, ijodiy rejalar haqida gapirib berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ochiqlik, shaffoflik muhiti, so‘z erkinligi qaror topayotganligini e’tirof etgan holda jamiyat ravnaqiga to‘siq bo‘layotgan og‘riqli nuqtalarni ko‘rsatib beradigan o‘tkir tanqidiy maqolalarni yanada ko‘paytirish lozimligini bildirdi.
Tadbir yakunida bir guruh faol gazetxonlar, obuna ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan kasaba uyushmasi xodimlari, OAV vakillariga “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari tahririyatining esdalik sovg‘alari hamda gazetada o‘tgan bir yil davomida chop etilgan maqolalardan saralangan “Yil ishonchi” kitobi topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari