Jizzaxda futbol bayrami bo‘lib o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
Joriy yilning 1-2 aprel kunlari Jizzax viloyatida o‘zbek futbolining 110 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tadi. Jizzax viloyati futbol assotsiatsiyasining 1-vitse-prezidenti Anvar Musulmonovning ma’lum qilishicha, Jizzaxda ushbu sana munosabati bilan bir qator tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan. Rejaga muvofiq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga hissa qo‘shgan sobiq futbol yulduzlari, murabbiylar, hakamlar, sport mutaxassislari ishtirokida o‘ziga xos futbol bayrami o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Dasturdan sport ta’lim muassasalarida yosh futbolchilar va tadbir ishtirokchilari bilan festival hamda master klasslar, O‘FA va Jizzax viloyati faxriylari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi, Jizzax olimpiya zaxiralari kolleji, “So‘g‘diyona” PFK futbol akademiyasi, viloyat FMMlarining yangi qurilgan binolarida futbol bilan shug‘ullanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish, “So‘g‘diyona” markaziy stadioni zaxira maydonida muxlislar bilan o‘zbek futboli yulduzlari ishtirokida uch avlod uchrashuvi, estrada yulduzlarining konsert dasturi, “Superliga-2022” chempionatining “So‘g‘diyona”–“Olimpik” jamoalari uchrashuvi kabi marosimlar o‘rin olgan.
Bugun Jizzaxda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga hissa qo‘shgan faxriylar, taniqli futbol mutaxassislari karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Dastlab ular Jizzax shahridagi Sharof Rashidov haykali poyiga gullar qo‘yib, atoqli davlat va jamoat arbobini yod etdi.
Futbol rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan faxriylar Bahrom Siddiqov va Narimon Abibullayev xonadonlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yorqin taassurotlarga boy bo‘ldi. Faxriylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirlar davom etmoqda.
[gallery-6407]
Jamshid YORBEKOV (surat) O‘zA