Jizzaxda federatsiya faoliyatining birinchi yarim yillik natijalari muhokama qilindi
Jizzax viloyatining Zomin tumanida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning joriy yilning birinchi yarim yillik faoliyati yakunlari sarhisob qilinib, mavjud kamchiliklar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov boshchiligida bo‘lib o‘tgan tadbirda federatsiya va uning hududiy tuzilmalarining ikkinchi chorakdagi faoliyati, qonunchilik hujjatlari ijrosi, shuningdek, Namangan, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari hududiy birlashmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Xususan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hududiy birlashmalari hamda ularning tuman-shahar jamiyatlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini o‘rganish natijalari muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Tadbirda qayd etilganidek, hisobot davrida fuqarolardan 10 ming 829 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 9 ming 893 tasi ijobiy hal etilgan. Natijada iste’molchilar foydasiga 46,8 milliard so‘mlik moddiy va ma’naviy zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga 228 ta da’vo arizasi kiritilib, sud qarorlari asosida 7,3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi. Nazorat organlari orqali esa 71 million so‘mlik zarar iste’molchilar foydasiga qoplab berildi.

Yig‘ilishda murojaatlarni qonuniy va xolis ko‘rib chiqish, nizolarni sudgacha hal etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot ishlarini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida joriy yilning ikkinchi yarim yilligi uchun ustuvor vazifalar belgilab olinib, hududiy tuzilmalar rahbarlariga aniq topshiriq va tavsiyalar berildi.
G.Boboyeva
O‘zA