Jizzaxda ekologik velomarafon o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida atrof-muhit musaffoligini saqlash maqsadida ekologik “Velomarafon” aksiyasi o‘tkazildi.
30 aprel – Referendum kuni oldidan yosh toifalariga qarab tashkil etilgan ushbu velomarafon bahslari 14-17 yoshli bolalar, o‘smir va qizar o‘rtasida, 18-30 yoshli yigit-qizlar, 31-42 yoshli hamda 43 yoshdan yuqori bo‘lgan erkak va ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Velopoyga xotin-qizlar uchun Do‘stlik tumanining “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan, erkaklar uchun esa “Manas” MFY hududidan boshlanib, “Yoshlar innovatsion maydoni” gacha bo‘lgan 20-24 kilometrlik masofalarda bo‘lib o‘tdi.
[gallery-11598]
Velomarafon har bir yosh toifalari bo‘yicha qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘lganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Ushbu sog‘lomlashtirish va atrof-muhit musaffoligini saqlashga qaratilgan eko-turnir yakunida erkak, ayol, o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida har bir yosh toifasi bo‘yicha alohida-alohida g‘olib, sovrindor va turli nominatsiya sohiblariga tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir yakunida viloyat san’atkorlari, tuman madaniyat uyi havaskorlari hamda mahalliy yosh ijrochilarning badiiy-musiqiy chiqishlari va ajoyib konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA