Jizzaxda bankomatlar nega ishlamayapti?
Luqma
Jizzax shahridagi tijorat banklariga qarashli plastik kartalardan pul yechib olish shoxobchalaridagi yuzaga kelgan kichik bir muammo shu maqolani yozishga undadi.
Tushlikka chiqish paytim plastik kartamdan ozroq naqd pul yechib olish maqsadida Jizzax shahri “Qassoblik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan aksiyadorlik tijorat “Agrobank”ka tegishli pul yechib olish shoxobchasiga, xalq tilida aytganda “bankomat”ga bordim. Yaqinlashishingiz bilan eshiklari avtomatik tarzda ochiladigan eshigiga chiroyli qilib: “ISHLAMAYABDI!” deb yozib qo‘yishgan ekan.

“Hechqisi yo‘q, bunisi bo‘lmasa keyingisi-da” deb, shu mahalla boshlanishidagi sobiq AT “Asaka bank” binosi oldidagi “bankomat”ga o‘tdim, bank ajoyib, yangidan barpo etilgan muhtasham binoga ko‘chib o‘tgani sababli pul maydalash shoxobchasining ichidagi pul yechish apparatlarini ham yechib olibdi. Shoxobcha bo‘m-bo‘sh turibdi.
Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan AT “Hamkor bank” shoxobchasiga yo‘l oldim. U yerdagi shoxobcha ichidagi apparatlarning faqat bittasi ishlayotgan ekan. Unda ham ikki talaba qiz apparatga termulib o‘tiribdi. Qolgan 6-7 kishi “operatsiya” tugashi jarayonini kutayapti.
– Nima bo‘ldi, “bankomat” ishlamayaptimi? – so‘radi mijozlardan yoshi kattaroq yana bir kishi shoxobchaga kirib kelib.
– Bitta shunisi ishlayotgandi, u ham plastik kartamni yutib yubordi, qaytarib chiqarmayapti, – dedi qizlardan biri ayb ish qilib qo‘ygandek yelka qisib. Uchinchi bir qiz kelib: “Bo‘ldi, ketdik ustasi soat ikki yarimda kelarkan, o‘shanda olib berarkan, hozir hamma “obed”ga chiqibdi, – deya dugonalarini tashqariga chorladi. “Bugun ham obedsiz qoladigan bo‘ldik, institut “stolovoy”ining terminali yo‘q, “bankomat”lari plastik yutgich, narigi universitet “studentskiy stolovoyi”ga borib kelguncha dars boshlanadi”, deya qizlar o‘zaro gaplashib, yo‘lga tushishdi.
– Qizlarim qaysi oliygohda o‘qiysizlar? – so‘radim ulardan.
– Amaki, iltimos, bizni yozmang, domlamiz “Sanlar ham “Tic-toc”chi bo‘ldingmi?” deb keyin bizni qo‘ymaydi, – deya, ismi-shariflarini ham, o‘qish joylarini ham aytishni istamadi..
– 4 ta “bankomat”ni qo‘yib qo‘yibsanlar, birortasi ishlamaydiku, deb mana shu “Hamkor bank” rahbarini oldiga kirmoqchi edim, ammo eshik og‘zidagi yigit “Hamma tushlikka ketdi, ular ham inson, ovqatlanishi kerakku” degach, ortimga qaytdim, – deydi “Jizzaxlik” MFYda istiqomat qiluvchi, o‘zini Melibuvi deb tanishtirgan opaxon.
– Bularni kutgandan foyda yo‘q, soat ikki yarimda kelganda ham ustasi ochib, haligi qizlarni kutadi, ular qachon darsdan chiqib keladi, Xudo biladi, yaxshisi yangi “Asaka bank” oldidagiga borish kerak, – dedi pul yechgani kelgan, ismini aytishni istamagan yigit.
– Men o‘sha yerdan kelgandim, 5 ta “bankomat”ning 2 tasi ishlayapti, 20 dan ortiq kishi kutib turibdi. Mening ismi-sharifim Zayniddin Tangriyev, pensionerman, hech kimdan qo‘rqadigan joyim yo‘q. Jurnalist bo‘lsangiz, yozing, faqat suratga olmay yozavering. Shaharda nechta “bankomat” bo‘lsa, har birining ichidagi apparatlaridan bittasi, ko‘pi bilan ikkitasi ishlaydi, qolgani ishlamaydi, xo‘jako‘rsinga qo‘yilgan. Do‘konga borsang, “Terminalimizni puli tugab qolgandi”, “Terminalimizni tekshirgani olib ketishgandi”, “Klik qilaqoling”dan, novvoyga borsang “Bizda terminal yo‘q”dan nari o‘tishmaydi. Shunday katta shahar Jizzazxda Gulistondek kichkina shaharchadagi kabi, taomlari arzon narxdagi “rabochiy stolovoy”lar ham yo‘q. “Bank xodimi ham odam, u ham tushlik qilishi kerakku”, debdi, javobni qarang? Nima, talaba, pensioner yoki boshqalar ularning aybi bilan ovqat yemasligi, bank xodimining tushlikdan qaytishini kutishi kerakmi? Mana, sizga qancha muammo, jurnalist bo‘lsangiz, yozing shularni, shunda qaysidir rahbarlari bularni ham nazoratga olar, sal bo‘lsada epaqaga kelar?
Xullas, tushlikdan unumli foydalanib, plastik kartamdan ozroq naqd pul yechib olish rejasi kechga qoldi. Tushlik vaqti esa allaqachon o‘tib bo‘ldi.
Jizzax shahridagi pul yechish shoxobchalari ishlashini nazorat qilib turuvchi mas’ullar bunday holatlarni qanday izohlar ekan?
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri