Jizzax yirik sanoat zonasiga aylanmoqda
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘tgan 2023-yilning 10-fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib bir qator istiqbolli loyihalar bilan tanishgan edi. Viloyatda olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika va texnologiya, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Avvallari Jizzax viloyati sanoat ko‘rsatkichlari aholi jon boshiga eng past bo‘lgan hududlardan biri hisoblanar edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi. Ayniqsa, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi viloyat sanoatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunga kelib mazkur iqtisodiy zona mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha respublikada uchinchi, eksport hajmi bo‘yicha esa oltinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ayni paytda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 33 ta loyiha amalga oshirilib, 7 ming 670 ta ish o‘rni yaratilgan. Keyingi yillarda uning faoliyati yanada takomillashdi, biznesga qulaylik kengaydi. Hozir bu yerda o‘nlab turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

“ADM Jizzax” korxonasi 2021-yilda tashkil etilgan. O‘tgan uch yilda bu yerda “KIA”, “Cheri” hamda “Xaval” brendlari ostida 23 turdagi 12 trillion so‘mlik36 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan. Loyihani amalga oshirishda 234 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilgan. 1 ming 800 nafar kishi ish bilan ta’minlangan. Dastlabki bosqichda avtomobillar kichik uzelli yig‘uv usuli asosida ishlab chiqarilgan. Bir vaqtning o‘zida zavodni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilib, joriy yil mart oyida yangi quvvatlar ishga tushirildi.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hududida joylashgan ushbu “ADM Jizzax” yengil avtomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodning yangi binosi yaqinda foydalanishga topshirilib, “Kia Sonet” avtomobillari ishlab chiqarilishi boshlandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyat ulkan avtomobilsozlik hududiga aylandi, 2022-yilda viloyatda sanoat ishlab chiqarish 11 trillion 700 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 19 trillion so‘mga yetdi. Bir yilda bu ko‘rsatgich 1,7 barobarga ortdi. “ADM Jizzax” korxonasida bugungi kunga kelib “KIA”, “Chery” brendlari ostida yengil avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Loyihani amalga oshirishda 226 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilib, ayni paytda korxonada 1 ming 300 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Zavodda yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvati mavjud. Kelgusida ish o‘rinlari sonini 3 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Zavod avtomobillarni yuqori texnologiyalarni jalb qilgan holda payvandlash, bo‘yoqlash va yig‘ish jarayonlarini qamrab oluvchi to‘liq ishlab chiqarish sikli asosida ishlamoqda.

Viloyatning Sharof Rashidov tumani hududida joylashgan “BMB Holding”ning keng ko‘lamli faoliyati ham mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida muhim o‘rin tutadi. Xususan, “BMB Holding” o‘zbek za’faronini AQSH va Yevropa davlatlariga eksport qilish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Shuningdek, kompaniya tomonidan tashkil etilgan “Agrologistika” majmuasining faoliyati ham tahsinga sazovor. Agrologistika kompleksini tashkil etish loyihasining umumiy qiymati 57 million 700 ming AQSH dollarini tashkil etib, kompleks uchta moduldan iborat. Ularning har birida yiliga 270 ming tonnagacha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish quvvati mavjud. Loyihani amalga oshirish uchun Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidan 40 gektar yer maydoni ajratilgan. Barcha rejalashtirilgan modullarning umumiy aylanma quvvati yiliga 810 ming tonnani tashkil etadi.
Shuningdek, shu tumanda barpo etilayotgan yana bir yirik investitsion loyiha – “BMB Agro Plus” korxonasi haqida ham to‘xtalib o‘tish joiz. “BMB Holding” tasarrufidagi meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat klasterlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni tashkil etish, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda Yevropa mamlakatlariga eksport qilish maqsadida “BMB Agro Plus” korxonasining birinchi bosqichi may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga ilm-fan, innovatsiya, IT sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 16-noyabrdagi “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori hamda 2023 yilgi tashrifi davomidagi bergan topshiriqlari doirasida hududlarda kibersport musobaqalarini tashkil qilish va rivojlantirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Qaror va topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati hokimligi tomonidan Jizzax shahri markazida O‘rta Osiyodagi eng yirik “Kibersport arena”si foydalanishga topshirildi. Viloyat markazida bunyod etilayotgan ushbu markaz kelgusida kibersport bo‘yicha jahon, Osiyo va turli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilish imkoniyatini beradi. Kibersportni xavfsiz rivojlantirish va ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni professional kibersportga yo‘naltirish, xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston nufuzini himoya qilish, IT industriyasi uchun salohiyatli kadrlarni tayyorlab beradi. Hududi 3326 metr kvadratni tashkil etgan ushbu 2-qavatli obyektning loyiha qiymati 30 milliard so‘m bo‘lib, mahalliy byudjet hisobidan qoplandi.
Majmuada 35 nafar xodim, shundan 25 nafar yoshlar faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu arena 1 ming 200 tomoshabinga mo‘ljallangan va unda LOUNJ hudud, bepul WI-FI zonasi va VIP tipidagi xonalar hamda 32 o‘rinli mehmonxona ham mavjud.
Raqamlashtirish sohasida 50 million AQSH dollari IT eksportini va 750 milliard so‘m IT hajmini amalga oshirish, 100 ga yaqin IT rezidentlarini tashkil qilish hamda “Bir million dasturchi” loyihasini davom ettirish maqsadida Sharof Rashidov, Zomin va Forish tumanlarida “IT village” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Nafaqat o‘tgan 2023-yilda, balki keyingi 5-6-yilda viloyatda suvli yerlarni foydalanishga kiritish, lalmi yerlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor berilmoqda. Viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xilma-xil turlarini yetishtirish maqsadida joriy yil ham mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib kelinayotir.
Birgina 2017-2018-yillarda viloyatda bog‘ maydonlari bor-yo‘g‘i 5 ming gektarni tashkil etgandi, keyingi yillarda 23 ming gektar maydonda yangi bog‘lar tashkil etilib, jami 28 ming gektarga yetkazildi. Xuddi shunday, bundan 5-6-yil avval 2 ming gektar uzumzor bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda 17 ming gektarda yangi uzumzorlar barpo qilinib, jami 19 ming gektarga yetkazildi.
2023-yilda 3141 gektar bog‘ va 5160 gektar uzumzorlar barpo qilindi. 2024-yilda ham bu ishlar davom ettirilib 520 gektarda bog‘ va 15371 gektarda yangi uzumzorlar barpo qilinadi. Umuman olganda bu sohani rivojlantirish uchun viloyatda imkoniyatlar katta, shuning uchun, 2030-yilgacha yana 32 ming gektar intensiv bog‘lar, 15 ming gektar uzumzorlar barpo qilinib, bog‘lar 60 ming gektarga, uzumzorlar 35 ming gektarga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Chorvachilik sohasida ham o‘tgan yillar davomida muayyan yutuqlarga erishildi. 2023-yil natijalariga ko‘ra 2018-yilga nisbatan qoramol 133,3 ming boshga yoki 115,1 foizga, qo‘y-echkilar 341,5 ming boshga yoki 116,6 foizga, baliq havzalari 5489 gektarga yoki 239 foizga, asalari oilalari 2039 taga yoki 153 foizga o‘sishga erishildi.
Umuman olganda, viloyatda bu kabi o‘nlab yirik loyihalar hayotga tatbiq etilyapti. Bular hammasi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush darajasining oshishi, Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, odamlar roziligi uchun xizmat qiladi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA