Jizzax–Xitoy muloqoti: investitsiya uchun yangi maydon
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy xizmat safari mamlakatimizda investitsiyaviy diplomatiya izchil va manzilli yo‘lga qo‘yilganining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Xizmat safarining birinchi kuni Xenan provinsiyasida o‘tdi va unda sanoat kooperatsiyasi, eksport, yuqori texnologiya hamda hududlararo sheriklik masalalari asosiy muhokama mavzusiga aylandi.

Jumladan, viloyat delegatsiyasi “Huali” va “Wodashe E Industrial” kompaniyalari qarorgohida tashkil etilgan biznes muloqotlarda ishtirok etdi. Tadbirda 70 dan ortiq xorijiy kompaniya vakillari qatnashib, Jizzax viloyatining investitsiyaviy salohiyati, erkin iqtisodiy zonalari, sanoat infratuzilmasi va eksport imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hududlarga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, mahalliy sanoatni global zanjirlarga integratsiya qilish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifaga aylandi. Xususan, davlat rahbarining investitsiya muhitini yaxshilash, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan farmon va qarorlari joylarda amaliy natija berayotgani bugungi kabi xizmat safarlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston Prezidentining Xitoy kompaniyalari bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘tkazayotgan muntazam uchrashuvlari ham hududlar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda.

Ayniqsa, Jizzax viloyatida keyingi yillarda tashkil etilgan sanoat zonalari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining yangilanishi va tadbirkorlar uchun yaratilgan yengilliklar xorijiy investorlar qiziqishini oshirmoqda. Bir vaqtlar asosan agrar hudud sifatida qaralgan viloyat bugun mashinasozlik, qurilish materiallari, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatida yirik loyihalarni qabul qilayotgan hududga aylanmoqda.
Tashrif doirasida Xitoy kompaniyalari tomonidan Jizzaxda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan yangi investitsiya loyihalari yuzasidan takliflar bildirildi. Uchrashuvlar yakunida esa o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu esa kelishuvlar qog‘ozda qolib ketmayotgani, balki aniq iqtisodiy manfaat va ishlab chiqarish quvvatlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Bugun global iqtisodiy raqobat sharoitida hududlarning tashqi bozorga chiqishi, investitsiya uchun kurashi va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishi muhim masalaga aylangan. Shu nuqtai nazardan, Jizzax delegatsiyasining Xitoyga tashrifi faqat navbatdagi xizmat safari emas, balki hudud iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan amaliy qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri