Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyatining Mirzacho‘l tumanida yoshlar tarbiyasida nuroniylarning o‘rni va mas’uliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Gagarin shaharchasidagi O‘zbek-qozoq madaniyat markazida tashkil etilgan mazkur tanlovda mahallalardan tashrif buyurgan faol nuroniylar uchta shart bo‘yicha o‘z bilim va tajribalarini namoyon qilishdi.
Ular hayotiy tajriba, ma’naviy salohiyat hamda yoshlar tarbiyasidagi amaliy faoliyati yuzasidan baholanib, qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda faol qatnashishdi.

Yakunlarga ko‘ra, 1-o‘rin “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini vakili Sh. Yoqubovaga nasib etdi. “G‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘ini vakili O. Ergashev 2-o‘rinni, “Bog‘bon” mahalla fuqarolar yig‘ini vakili S. Ro‘ziyev esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Tanlov g‘olibi Sh. Yoqubova viloyat bosqichida Mirzacho‘l tumani sharafini himoya qiladi.
***
Markaziy bankning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamenti mutaxassislari ishtirokida o‘quv seminari o‘tkazildi.

Tadbirda hududiy tijorat banklarining mas’ul xodimlari hamda viloyat tadbirkorlariga valyuta qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Shu bilan birga, amaldagi tartib-taomillar va yangilangan talablar yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Seminar doirasida valyuta konvertatsiyasi imkoniyatlarini yanada kengaytirish, shuningdek, shikastlangan va yaroqsiz xorijiy valyutalarni bank kassalari tomonidan qabul qilish tartibiga bag‘ishlangan davra suhbati ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob qaytarildi.

G‘allaorol tumanida chorva mollari o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik emlash tadbirlari barcha qishloq va mahallalarda izchil amalga oshirildi.

Jumladan, “Lalmikor” va “Uzunbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida veterinariya xizmati mutaxassislari aholiga veterinariya-sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish, yuqumli kasalliklarning tarqalishining oldini olish hamda epizootik barqarorlikni ta’minlash yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib bordi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday profilaktik tadbirlar chorva mollari salomatligini muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
***

Paxtakor tumanida aholi bandligini ta’minlash va tomorqalardan unumli foydalanishga qaratilgan “100 xonadonda – 100 issiqxona” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Tumanning “Bog‘ishamol” MFY Qoramirza qishlog‘ida tuman hokimi tashabbusi bilan boshlangan mazkur loyiha doirasida mutasaddi tashkilotlar, tijorat banklari hamda tajribali tadbirkorlar ishtirokida issiqxonalar barpo etilib, xonadon egalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Ushbu tashabbus orqali aholining doimiy bandligini ta’minlash, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish hamda oilalarning daromad manbalarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
***

Jizzax shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning voleybol turi bo‘yicha tashkil etilgan viloyat bosqichi musobaqasida Zafarobod tumani vakillari munosib natijalarni qayd etdi.

22–30 yosh toifasida ishtirok etgan Nurafshon mahallasi jamoasi barcha uchrashuvlarda yuqori mahorat, mustahkam jamoaviy hamjihatlik va puxta tayyorgarlikni namoyon etib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. Bu natija jamoaga musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini berdi.

Shuningdek, 16–21 yosh toifasida bellashgan “Yorqin” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari ham munosib o‘yin ko‘rsatib, musobaqani 3-o‘rin bilan yakunladi. Erishilgan natijalar tumanda sportni ommalashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri