Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax shahrida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi doirasida tungi xizmatga jalb etilgan xodimlar ishtirokida xizmatoldi yo‘riqnoma tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari jinoyatchilikni barvaqt jilovlash va huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish, giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etish zarurligi qayd etilib, tungi xizmatga jalb etilgan barcha xodimlar o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi.
***
Forish tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarida aholi, shu jumladan yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan huquq va imtiyozlari, subsidiya hamda kredit olish masalalari, shuningdek, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilinib, huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.
Jumladan, “Nurak” MFYda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri davomida manzilli ravishda ham uyma-uy yurgan holda fuqarolarga batafsil tushunchalar berildi.
***
Zarbdor tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, “mahalla yettiligi” ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda energiya tejamkorligini oshirish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyatchilikning oldini olish, ayniqsa, yoshlar bilan samarali ishlash masalalariga keng miqyosda e’tibor qaratildi.
Prezidentimizning joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 1 apreldagi “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan tuzilgan shtablar faoliyati chuqur tahlil qilindi, yoshlarni ish bilan ta’minlash, yer ajratish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish kabi yo‘nalishlardagi kamchiliklar qattiq tanqid qilindi, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilar jiddiy tanqid qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddat belgilandi.
Tuman hokimi B.Toshpo‘latov, fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan har bir masala muhimligi, davlat rahbari va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan har bir hujjatning amaliy ijrosi ta’minlanishi shartligini, endi bu borada nazorat yanada kuchaytirilishi va har bir hududda aniq natijalar talab etilishini qayd etdi.
***
Har bir xonadonda mehnat, bandlik va barqaror daromad bo‘lsa, hayot sifati, oila farovonligi ortishi, shubhasiz.
Baxmal tumanida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning imkoniyat va salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari X.Boymurodova viloyat va tuman prokraturasi xodimlari bilan hamkorlikda hududagi “Istiqlol”, “Bog‘ishamol” va “Gulbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inlarida pilla yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar faoliyatini o‘rgandi.
Ushbu mahallalarda pilla parvarishiga jalb etilgan ayollar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilib, ularning muammolari eshitildi va mutasaddilar zimmasiga amaliy ko‘mak choralari belgilandi.
Tumandagi jami 3000 nafardan ortiq pilla yetishtirayotgan xotin-qizlar nafaqat oilaviy daromad manbaini yaratish, balki mahalladagi iqtisodiy-ijtimoiy faollikni oshirishga ham munosib hissa qo‘shishi mumkinligi ta’kidlandi.
[gallery-23213]
***
Sharof Rashidov tumani hokimi M.Xolbo‘tayev “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan muammo va takliflar diqqat bilan tinglandi va ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilar zimmasiga aniq topshiriq va vazifalar yuklandi.
Shuningdek, hokim tashabbusi bilan mahallada keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari tashkil etildi. Hududda chiqindilar tozalandi, daraxt va gul ko‘chatlariga shakl berildi hamda umumiy ko‘rkamlikka alohida e’tibor qaratildi.
Bunday uchrashuvlar mahalliy hokimiyat bilan fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA